O‘quvchining savodxonligi ona tili fani o‘qituvchisiga bog‘liqmi?

Ko‘p yillardan buyon qishloq maktablaridan birida ona tili fanidan dars berib kelaman. Ayrim paytlarda bir holat meni qiynaydi. Pedagogik kengashlarda maktabimiz rahbar-xodimlari tuman yig‘ilishida qaysidir maktabda tekshirish o‘tkazilgani, kamchiliklar ko‘pligini bildiradi. Muhimi, o‘quvchilardan diktant olinganda uch-to‘rtta o‘quvchi «4», to‘rt-beshta o‘quvchi «3», qolgani «2» baho olganligini alohida ta’kidlashadi. Ajablanarlisi, pedkengashdagi barcha o‘qituvchlar shu onda menga bir qarab olishadi. Go‘yoki, bunday holat uchun ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi aybdordek.

Yo‘q, men o‘quvchilarning tilga oid bilimlari sayozligi, xususan, savodxonligi past bo‘lishida ona tili o‘qituvchisi aybdor bo‘lmaydi, deyishdan yiroqman. Biroq kishining xat-savodi masalasida gap ketganda, u keng qamrovli tushuncha ekanligini gohida unutib qo‘ymoqdamiz.

Ayni shu xato o‘y tufayli maktabimiz rahbari bizning o‘quvchilardan ham diktant olinsa, o‘sha maktabdan «qolishmasligimizni» ta’kidlab, bu kamchilikni bartaraf etishni menga alohida topshiriq sifatida beradi. Buning uchun o‘quvchilardan diktant olishni, insho yozdirishni aniq qilib aytadi.

Albatta, topshiriq bajariladi va men o‘quvchilarimning “ijodi”ni tekshirib chiqaman. Tabiiyki, bunday birgina nazorat bilan o‘quvchilar savodxonligida aytarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Tajribada sinab ko‘rganman, yozma ishda «5» baho olgan to‘rt yoki besh nafar o‘quvchi bo‘lsa, ularning biri matematikaga, boshqasi biologiyaga, yana kimdir tarix faniga qiziqadi. Tabiiyki, shu fanlardan yaxshi o‘qiydi va turli ko‘rik-tanlovlar, tadbirlarda qatnashadi. Aytmoqchi bo‘lganim, bexato yozadigan o‘quvchilarning bir-ikkitasi ona tili va adabiyotga qiziquvchilar bo‘ladi. Ya’ni, ularning “5” baho olishiga men, qolganlariga matematika, tarix va biologiya fani o‘qituvchilari sababchi.

Demak, o‘quvchilarimizning ona tilimizdagi savodxonligi past bo‘lishida faqat ona tili fani o‘qituvchisi emas, balki boshqa fan o‘qituvchilarining ham “hissasi” katta. Bilganim shuki, o‘quvchini qaysi fanga bo‘lmasin, bilim olishga qiziqib, qancha ko‘p kitob o‘qisa, shundagina ona tilimizda to‘g‘ri va bexato yozishga erishamiz.

Valijon XUDOYQULOV,

Jomboy tumani.