Ortiqcha sarf-xarajatlar, islomga zid urf-odatlar Mahmudxo‘ja  Behbudiy davrida ham bo‘lgan(mi?)

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda ro‘y bergan iqtisodiy-siyosiy harakatlar hosilasi ularoq jamiyatda yangi tizim, yangi hayot barpo bo‘layotganidan  dalolat edi. G‘oyat murakkab bu davrda yashagan Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning safdoshlari mamlakatda madaniyat, maorif, ma’rifat targ‘ib qilish yo‘li bilan bugungi mustaqilligimiz poydevoriga tamal toshini qo‘ydilar.

Turkistonda jadidlar harakatining rahnamosi yangi maktab asoschisi, o‘zbek dramachiligining otasi, noshir, jurnalist Mahmudxo‘ja Behbudiy edi. Milliy taraqqiyot va xalq ozodligi yo‘lida jonfido jadidlar Samarqand, Toshkent shaharlarida yangi “Usuli savtiya” maktablarini tashkil qilishdi. Bu maktablar uchun  ham diniy, ham dunyoviy kitob, darsliklar nashr qilishni jadidlar zimmalariga oldilar. Tabiiyki, buning uchun mablag‘ zarur edi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi, zamondoshimiz Shohruxxon Behbudiyning ta’kidlashicha, Jomboy hududida bobosining  katta bog‘i bo‘lib, undan olingan foyda evaziga maktab xarajatlari qoplangan. Bundan tashqari, samarqandlik boylar ham qarab turishmagan. “Kimdir aqcha, kimdir joma”  bilan yordam qo‘lini cho‘zgan.

Xalqni savodli qilmay turib, ozodlik haqida o‘ylash mushkulligini anglagan jadidlar teatr sohasiga ham katta e’tibor qaratdilar. 1911 yilda yozilgan, 1913 yildagina namoyish qilingan “Padarkush” dramasi o‘zbek sahna asarining birinchisi hisoblanadi. Xalq tomonidan  katta e’tirof  ila  kutib olingan bu dramada o‘sha zamon maishiy hayotdagi bilimsizlik, jaholat, nodonlik, boylikka uchlik, padarkushlik kabi fojialar qalamga olingan.

“Xalq nihoyatda ko‘p kelib, belat yetmagani va joyni yo‘qligi uchun uch-to‘rt yuz kishi  (!) qaytib ketdi”, - deb yozgan o‘sha vaqtdagi matbuot.

Darvoqe, 1913 yilning bahor oylarida “Samarqand” gazetasi nashr etiladi. “Oyina” jurnaliga  asos solinadi. “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi – Samarqand. Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiydir”, - deb yozadi turkiyshunos olim, akademik Aleksandr Nikolayevich Samoylovich. Tashkil etilgan gazeta va jurnallarni qiziqarli maqolalar bilan boyitish, noshirlikdagi yangi usullarni o‘rganib, tatbiq etish, zarur asbob-uskunalar xarid qilish maqsadida Mahmudxo‘ja Behbudiy safarga otlanadi va safar taassurotlarini “Qasdi safar” asarida bayon etadi. Asarning har bir qismi “Oyina” jurnalida bosiladi. Sayohatnomani o‘qir ekansiz, XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi madaniy hayot, siyosat, iqtisod, ayollar va erkaklarning jamiyatdagi o‘rni, maktab va madrasalar, gazeta, jurnal va darsliklar ahvoli, har bir mamlakatning jug‘rofiy tuzilishi, savdo-sotiq va bank ishlari, turkistonlik hojilarning sayohat davomidagi hayotlari va boshqa ko‘plab mavzular bilan tanishasiz.

1914 yilning 29 may kuni safar tadorigida Mahmudxo‘ja Behbudiy to‘ng‘ich o‘g‘illari Ma’sudxonga ro‘zg‘or ishlari, samarqandlik taniqli ziyoli Sayid Rizo Alizodaga “Oyina” jurnali mudirligi, mohir pedagog, tarjimon, publitsist Hoji Muinga muharrirlikni, “Kutubxonai Behbudiya” kotibligiga shoir Mullo Faxriddin Rojiyni  mutasaddi qilib tayinlaydi. Yaqin Sharq mamlakatlariga uyushtirilayotgan bu ikkinchi sayohat qamrovi kengroq bo‘lib, Ashxobod, Krasnovodsk, Boku, Mineralniye Vodi, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa, Istanbul, Adirna, Quddus, Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port Said, Shom shaharlarini o‘z ichiga oladi.

Hurmatli o‘quvchimga xuddi ana shu yo‘nalish bo‘yicha Behbudiy sayohatidan yuz yil o‘tgach, men ham kezib chiqqanimni aytib o‘tmoqchiman. Xohishingiz bo‘lsa, siz ham sayohatga chiqing. Buning uchun sizga internet sarhadlaridagi ma’lumotlar asqotadi. Masalan, Behbudiy Istanbul shahridagi ko‘rkam bog‘lar, Bosfor bo‘g‘ozi yoki Shomdagi muqaddas masjid, madrasalar, Quddusi Sharifdagi Rasululloh qadami tekkan qutlug‘ Masjid al-Aqsoni tasvirlar ekan, siz ham internetdan shu joylarni topib, ham o‘qish, ham tomosha qilish zavqini tuying.

Sayohatnoma ham ma’rifiy, ham adabiy-estetik jihatdan nihoyatda muhim. Ular adabiyotimizdagi an’anaviy tarixiy memuar janrining XX asr boshidagi o‘ziga xos namunasidir. Asarda muallif turli-tuman millatning urf-odatlari, turmush tarzi xususida so‘z yuritadi. Rossiyada kartoshka qaziyotgan rus ayollaridan tortib, rivojlangan mamlakatlardagi o‘zi yurar “Osonsur” (ekskalator) haqida so‘z yuritadi.

Marvda yuz minglab musulmon yashasada, biror joyda masjid uchramagani holda rus kalisosi mavjudligidan hayratlanadi. Qizil Arvoddagi qozoqlarning faqiru-muhtojligi turkman birodarlaridan oshib tushadi. Qozoq ziyolilari zamonda bo‘layotgan o‘zgarishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarsalar, xalqning og‘ir hayoti biroz yengillashar edi, deb yozadi Mahmudxo‘ja Behbudiy.

Boku shahar aholisi biroz badavlatroq yashashidan taskin topgan sayohatchi bu xalqning eng qora va isloh qilib bo‘lmas odati haqida yozadi. “Biz, Turkistoniylar topganimizni to‘y, o‘lik va ko‘pkariga sarf qilgandek, bu musulmon qarindoshlarimizning aksari o‘z molini qiz olib qochib, janjoliga sarf etmoq bir-birovlarini o‘ldurub, so‘ngra bor pullarini sudu sinod yo‘lida va umrlarini Sibiriyo  cho‘llariga sarf qilib, nobud bo‘lar ekanlar”. Ozarboyjonlik birodarlarimiz hayotini tasvirlab, Turkistondagi serxarajat to‘ylar, isrofgarchilik, udumlarning ko‘pligini tanqid qiladi.

Pyatigorskni – Beshtog‘, Jeleznovodskni – Temirsuyi deb o‘z nomida atashni lozim topgan Behbudiy bu yerdagi so‘lim tabiatda “salla va chodir uragan” purviqor tog‘lar orasida barpo etilgan dam olish maskanlari xususida so‘z yuritadi. Sog‘liqni saqlash va tiklash maqsadida tashkil etilgan bu maskanlar aslida boylik orttirishning bir turi bo‘lib, Turkistonlik boylar ham bu usuldan foydalanishsa, yurtimiz ham obod, ham sog‘liqni saqlash yo‘lida ilk yangi qadamlar tashlanadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy qaysi shahar yoki davlatga bormasin mahalliy xalq hayotini taqqoslaydi: sabab va oqibat tuguni yechimini izlaydi. Zamonaviy paroxod, tramvay, ekskalatorlar, yashash joyini ijaranishinga berib, o‘zi boshqa yurtda turadigan boylar, poyezdda bilet sotish yo‘llari, bankda savdo-sotiq va foizlar hisobi, gazeta va jurnal nashri xususida so‘z yuritadi.

Ayniqsa, haj safariga chiqqan Turkiston hojilarining sarguzashti haqida hikoya qilar ekan, ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni beradi. XX asr boshlarida Turkiyada to‘rtta takya bo‘lib, ularda asosan turkistonlik savdogar, sayohatchi, hojilar yashashgan. Takya - fors-tojik tilidan tarjima qilinganda, suyanmoq ma’nosini beradi. Demak, dam olish, hordiq chiqarishga mo‘ljallangan takyalarda maxsus xonalar bo‘lib, yo‘l charchog‘ini chiqarish, oziq-ovqat xarid qilish va g‘amlash uchun qulay bo‘lgan. Yo‘lovchilarning tuya va otlari uchun ham qunoq bo‘lgan. Ana shunday takyalarning birida bir necha kun yashagan Mahmudxo‘ja Behbudiy qunalg‘aning xarobaligidan ozor chekadi. O‘nlab yo‘lovchilar yuklari bilan bir xonadan joy olishgan, buning ustiga eng arzon xuraklardan iste’mol qilishlari noxush kayfiyat uyg‘otgan. Turkistonlik hojilar yo‘lga otlanganda o‘zlari bilan olib chiqqan qovurdoq va nonni xaltadan olib iste’mol qilishar, azbaroyi mahsulotlar ayniganidan toblari qochar, davolanish uchun maxsus tibbiy ko‘rikka bormay, tabib bilan bamaslahat ish ko‘rishlarini qoralaydi. Ota-bobolarimiz yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan o‘g‘ri-qaroqchilardan mumkin qadar himoyalanish maqsadida ozroq mablag‘ bilan yo‘lga otlanishgan. Vaholanki, o‘sha vaqtda paroxod, poyezd kabi transportlardan foydalanish mumkin bo‘lgan. Bankka pul qo‘yib xohlagan mamlakatdan yechib olish imkoniyati bo‘lgan. “Bizni ba’zi hojilar davlatlik bo‘lsalar ham tablik, iflos, majjoniy takya va yoinki nihoyat arzon, murdor yerlarni tarjih etarlar. Bizni hojilar aksariyatan u qadar kir bo‘ladirlarki, durust utellarga borganda ham qo‘ymaydurlar”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy Istanbulda Ismoilbek Gaspirali bilan uchrashganini zo‘r ishtiyoq bilan tasvirlaydi. Mashhur “Ayo Sofiya”dan biror chaqirim uzoqlikda ko‘rkam va obod gulxona, ya’ni saylgohda jadidlar rahnamosi Ismoilbek Gaspirali bilan suhbatlari maktab, maorif, yangi hukumat ishlari xususida bo‘ladi. “Hukumat maktablariga turkistonlik qardoshlar bola bermog‘idan” mamnunlik tuyadilar.

Qozonlik qrim-tatar millatiga mansub Ismoilbek Gaspirali butun dunyo  musulmonlarini birlashtirish, sochib tashlangan turkiy xalqlarni milliy ruh, madaniyat, ma’rifat yo‘lida birlashtirishga xizmat qilgan jadidlar “otasi” sifatida  tarixda nom qoldirdi. U kishining olti farzandlaridan biri umrining oxirgi yillarida Samarqandda nochorlikda o‘tkazganligi haqidagi ma’lumotni adib, jurnalist Mirsharif Xo‘jayev o‘zining “Hodarvish shamoli” kitobida yozgan. Taqdirning achchiq shamoli siyosat qurbonlarini “xalq dushmani” tamg‘asi ostida o‘zga yurtlarga sochib yuboradi.

Millat taqdiri ma’rifat va maorifni oshirish bilan belgilanishini chuqur anglagan Ismoilbek Gaspirali va uning safdoshlari jaholat qurboni bo‘ldilar.

Sayohat davomida Bayrut shahrida arab va turk boylari bilan ziyofatda bo‘lgan suhbatni to‘lig‘icha keltirmoqchiman. Zotan, xulosa chiqarsak.

“Dedim: “Na uchun ichmaysizlar?”

Dedilarki: “Alhamdulilloh, musulmonmiz. Olloh azim-ush-shon Hazratlari Qur’oni Karimda afandimiz vositalari ila nayhi etibdurki, 1300 sana so‘ngra ovrupoyilar bu xabislaring zararini bilib, o‘zlarin saqlamoqdadur. Biz qanday icharmiz. Anvarbegimizda ichgan afisarlarni silki  muqaddas askariydan tard etar”.

Dedim: “Yey, misriylarga na bo‘ldi?”

Undan dedilarki, bizning maktablarda muning zararidin bahs etarlarki, insonning ichkisi kelmaydur.

Dedilarki : “Turkistonu Buxoro qandaydur?”

Majburan to‘g‘risini suyladim…

Dedilar: “Astag‘firullo!’’

1914 yilda nashr qilingan “Oyina” jurnalining 51-sonida Mahmudxo‘ja Behbudiy masjid al-Aqso ash-sharif xususida ma’lumot qoldirgan. “…munday muqaddas va mutabarruk muqomlarga bandani etkurgoni uchun Olloh zuljalolga tashakkur va arzu niyoz va ubudiyat etdim”, - deb yozadi. Mukarram Quddusda joylashgan “Masjid al-aqso” islom olamida Makka va Madinadagi masjidlardan keyin turuvchi muqaddas joy. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 5000 kishi namoz o‘qishi mumkin. Islom olamida Payg‘ambarimizning (sallolohu alayhi va sallam) mehroj kechalari bilan bog‘langan. Masjid 7 ta katta ravoq va ko‘p sonli toqlardan iborat bo‘lib, turfarang marmar, katta va yorug‘ qandillar, Istanbuldan yuborilgan qalin gilamlar odamzod zakovati ila yaratilganligi hayratli. Insoniyatni ezgulikka, hidoyatga, ma’rifatga chog‘lovchi va bu yo‘lda hech qanday boylikni iqtisod qilmagan muqaddas musulmonlar, boniylar, fotihlar ruhi poklariga atab Qur’ondan tilovat qilib, keyingi avlod musulmonlari bu yo‘lda biroz adashganligini nadomat bilan yozadi. Hatto, shunday mahobatli masjidlar ziyoratidan chiqayotgan turkistonli ziyoratchilarning so‘zlari: “sadag‘asi ketay, xub mazor ekan, lekin tugi yo‘q ekan”, deb hasratlanishi dillarni xunob qiladi.

Misr ko‘chalarini sayr qilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy janoza ustidan chiqadi. Narvonsiz tobut ko‘tarib ketayotgan kishilar ortidan tushadilar. Yig‘i-sig‘i yo‘q, barcha “La ilaha illalloh”ni qaytarib bormoqda. Mayit ko‘milgach, yirtish, ortiqcha xarajat yo‘q. Bizda esa eri o‘lgan ayol sochini yulib, yuz va badanlarini timdalab tashlaydi. Ortiqsa sarf-xarajatlar qilib, ziyofatlar beriladi.

Demak, bizda nafaqat maorif va ma’rifatda, balki diniy ishlarda ham uquvimiz yo‘q. Islom dini asl mohiyatini bilmasligimiz oqibatida xurofotga cho‘mganmiz.  Afsuski, bu hollar hanuzgacha davom etmoqda. “Behbudiyning ushbu safari bilan bugungi kun orasida 80 yildan ortiqroq tarix turibdi, - deb yozadi atoqli olim  Begali Qosimov 1997 yilda nashr qilingan “Tanlangan asarlar”ida. - Sakson yilda mubolag‘asiz sakkiz yuz yillik voqealar bo‘lib o‘tdi. Shularga qaramay “Xotiralar”dagi ma’rifiy ruh, iztirob to‘la fikr-mulohazalar, muallifning tashna nigohi sizni befarq qoldirmaydi.

 Ha, Behbudiy nazari bilan sayohat qilib ko‘p tafsilotlarni bilish mumkin. Davrlar o‘tdi, lekin Behbudiy sanab o‘tgan ko‘plab kamchiliklar hali-hanuz yechimini topgani yo‘q.

Dilafruz RAXMATOVA,

Samarqand davlat chyet tillar

instituti o‘qituvchisi.