Orttirilgan ish stajlari inobatga olinadi

Savol: Ko‘p yillardan buyon ikkinchi guruh nogironlik pensiyasi olaman. Yaqinda 60 yoshga to‘laman, shu sabab yoshga doir pensiya miqdori qanday hisoblanadi? Ya’ni, nogironlik pensiyasi summasidanmi yoki umumiy mehnat stajidagi oylik ish haqi miqdoridan hisoblanadimi?

Rahmat JAVLONOV,
Kattaqo‘rg‘on shahri.

Javob: "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunining 7-moddasiga asosan, erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunning 8-moddasiga asosan, pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish stajiga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin fuqaro 60 yoshga to‘lib, nogironlik pensiyasidan yoshga doir pensiyaga o‘tishini so‘rab ariza bilan murojaat qilgan taqdirda fuqaroga umumiy tartibda yoshga doir pensiya hisoblanadi. Nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi orttirilgan ish stajlari ham yoshga doir pensiya tayinlashda inobatga olinadi.