Oshpazning nayrangi fosh bo‘ldi
Shahar markazidan uzoqroqda joylashgan go‘zal maskanlardan birida Abduvaqqos nosfurush nevarasi Maxsumjonning sunnat to‘yini o‘tkazmoqda. Keng maydonda chorpoyalar, undan pastroqda esa o‘n ikki kishiga mo‘ljallangan qator-qator stol-stul did bilan joylashtirilgan. Oq choyshabdan dasturxonlar to‘shalib, noz-ne’matlar qo‘yilgan. To‘yga taklif qilingan mehmonlarning barchasi ko‘rsatilgan joylarda o‘rnashib olishgan. Mashhur hofizlar sho‘x-sho‘x taronalari bilan to‘yni qizitmoqda. Xizmatkorlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi.
To‘yxonaga yaqin joyda yashaydigan Mamlakat aya bir necha kundan buyon o‘sal yotibdi. Ko‘pning oshi - palovga havasi ketdi. Nevarasi Pardaqulni to‘yxonaga, yarim tovoq osh olib kelishga yubordi. Pardaqul ham to‘g‘ri Hasan oshpazning oldiga kelib:
- Buvim yubordilar, yarim tovoq osh berar ekansiz, - dedi.
- Oting nima, kimning nevarasisan? - deb so‘radi oshpaz.
- Ismim Pardaqul, sizning hovlingizdan olti eshik narida yashovchi Mamlakat ayaning nevarasi bo‘laman.
- Juda yaxshi, bo‘tam. Ayni vaqtida kelding. Hozir men senga bir tovoq osh beraman, g‘irr etib uyimizga eltib berasan-da, tovog‘ini bo‘shatib, izingga qaytasan. Keyin yana bir tovoq osh beraman, uni buvingga olib borasan, tushundingmi?
Shunday deya Hasan oshpaz kattagina sopol tovoqqa bir necha bo‘lak yog‘li qo‘y go‘shtini soldi-da, ustidan bir kapkir guruch va hil-hil pishgan sabzi bilan yopib, yoniga bir bo‘lakcha go‘sht qo‘ydi, ustiga ikkita issiq nonni bostirib, uni Pardaqulga tutqazdi va tezda qaytib kelishini tayinladi. Anchayin og‘ir va issiq tovoqni ko‘targancha sho‘xligi tutgan Pardaqul to‘g‘ri uyiga qarab yo‘l oldi. Oshni laganga bo‘shatib, yana to‘yxona tomon yugurdi. “Bo‘tam juda chaqqon ekansan, mana bunisini endi uyingga olib borasan”, deb maydaroq sopol tovoqqa guruch va sabzidan solib, yoniga bir bo‘lakcha go‘sht qo‘yib, bolaga uzatdi. Pardaqul “rahmat”, dedi-da, bir tovoq oshni ko‘tarib, Hasan oshpaznikiga jo‘nadi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Hasan oshpaz ko‘cha muyulishidagi Hakim novvoyning do‘koni oldida zarur yumush bilan ko‘chaga chiqqan Pardaqulni uchratib qoldi. Pardaqulning salomiga sovuqqina alik olgan oshpaz zarda bilan, “Bu noma’qul ishingni qaytib takrorlama, xo‘pmi”, dedi, xolos.
Olimjon G‘AFUROV,
mehnat faxriysi.