O‘simlik shiralari: Ular qanchalik zararli?
Ayni kunlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarida o‘simliklarga zarar keltiruvchi bir necha turdagi shiralarni uchratish mumkin. Masalan, beda yoki akatsiya shirasi, g‘o‘za yoki poliz va katta g‘o‘za shirasi xavfli bo‘lib, ular ayniqsa g‘o‘zaga jiddiy zarar yetkazadi.
Shiralar mayda zararkunanda hashorat bo‘lib, yomg‘ir yog‘ib, havo nam bo‘lganda shiralar yaxshi rivojlanadi, kuchli yomg‘ir ularni qisman kamaytiradi. Shiralar havo haroratiga qarab 3-20 kunda rivojlanadi. Mavsum davomida 20-26 ta, beda shirasi esa 12-15 tagacha avlod qoldiradi. O‘simlik shiralari barglarning shirasini so‘radi. Natijada zararlangan bargning shakli o‘zgaradi va buralib qoladi. Bunday o‘simliklar rivoji sekinlashadi, kutilayotgan hosil 15-20 foizgacha kamayishi mumkin.
Shiralar qanotsiz va qanotli shaklda bo‘ladi. Qanotlisi tug‘ish hisobiga rivojlanadi, qanotsiz shiralar urg‘ochilari tuxum qo‘yadi. Tabiatan, shiralarni erkaksiz (partogenez) ko‘paygan lichinkalari tez rivojlanib, 5-6 kunda bir avlodga yangilanib boraveradi, ya’ni ko‘payishi juda tez bo‘lib, ularning zichligi iqtisodiy zarar yetkazish darajasidan oshib ketadi. Biroq iyun oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida harorat 30 darajadan oshib, havoda namlik kamayganda, shiralar uchun noqulay muhit hosil bo‘ladi. Beda yoki akatsiya shirasi g‘o‘zaga aprel, may va iyun oylarida eng ko‘p zarar yetkazadi.
Erta bahorda bedapoyada shiralar to‘da holatida uchraydi, beda dag‘allashgunga qadar rivojlanadi, keyinchalik boshqa o‘simliklarga, asosan akatsiyaga o‘tadi. G‘o‘zada o‘simlikning o‘suv nuqtalariga shikast yetkazadi. Poliz shirasi aprel oyida qishlovdan chiqadi. Oldin begona o‘tlarga, may oyining boshida g‘o‘zaga, poliz ekinlariga uchib o‘tadi. Poliz shirasi hammaxo‘r zararkunanda bo‘lib, 40 dan ortiq o‘simlik turlarida rivojlanib, ko‘payadi. Katta g‘o‘za shirasi aprelning ikkinchi yarmida g‘o‘za nihollarida paydo bo‘ladi. Yil davomida to‘liq rivojlanib, tirik tug‘ib ko‘payadi, g‘o‘zani mayin o‘suv nuqtalarini, barglar shirasini so‘rib oziqlanadi.
Unga qarshi kurashish uchun hududlardagi o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limlariga murojat qilish lozim.
Odil Shomurodov,
Past Darg‘om tumani o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi inspektori.