Osmondan qulab tushib omon qolgan styuardessa

U 10 kilometr balandlikdan yiqilib tushdi. Ha, yosh styuardessa aviahalokatdan omon qoldi, u rostdanam omadlimikan?

Halokatli parvoz

Vesna Vulovich 1972 yil 26 yanvarda Kopengagendan Belgradga yo‘l olgan Yugoslaviya aviakompaniyasining DC-9-32 samolyotida bo‘lganlar orasida edi. 22 yoshli qiz styuardessa bo‘lib ishlardi. Undan tashqari parvoz qulayligi va xavfsizligi uchun javobgar yana 4 ekipaj a’zosi bor edi. Bortida 23 yo‘lovchisi bo‘lgan samolyot osmonga 10 ming 160 metr balandlikka ko‘tarildi. Samolyot deyarli yangi bo‘lib, barcha asboblari to‘g‘ri ishlardi. Bir necha daqiqali parvozdan so‘ng to‘satdan portlash eshitilib, samolyot parchalana boshladi. Voqea shu qadar tez sodir bo‘ldiki, uchuvchilar hatto biron bir nosozlik to‘g‘risida dispetcherlarga xabar berishga ulgurmadi. DC-9-32 samolyoti qoldiqlari Chexoslovakiyaning Cheska-Kamenitse shahri yaqinida qulab tushdi. Samolyot korpusining qismlari bir-biridan 1 kilometr ortiq bo‘lmagan masofada joylashgan edi.

Tekshiruv samolyot qulashida fyuzelyajning old qismidagi chamadonda o‘rnatilgan portlovchi moddalar sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Fojia joyida ham portlovchi moslamaning parchalari topilgan.

Yolg‘iz omon qolgan Vesna

Samolyot qulaganida faqat Vesna Vulovich mo‘’jizaviy tarzda omon qolishga muvaffaq bo‘ldi. Uning baxtiga fojia sodir bo‘lgan joyda Bruno Xonke ismli o‘rmonchi bo‘lgan. Bruno Ikkinchi jahon urushi paytida feldsher bo‘lib ishlagan, shuning uchun Vesnani topganida nima qilish kerakligini bildi. Bruno qizga birinchi yordamni ko‘rsatdi. U qizning singan joylari bo‘lishi mumkin deb taxmin qilib, qutqaruvchilar kelgunga qadar uni joyidan qimirlatmadi.

Darhaqiqat, tirik qolgan styuardessaning 4 umurtqasi, qo‘li, oyog‘i va bosh suyagi singan edi. U xotirasini yo‘qotdi va 4,5 yil davomida qaytadan yurishni o‘rgandi. Kasalxonada o‘ziga kelgan Vesna qayerdaligini va nima bo‘lganini tushunmadi.

Hodisa tasodifiymidi?

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, aynan shu styuardessa bu dahshatli parvozda bo‘lmasligi kerak edi. Parvozlar ro‘yxatiga mas’ul bo‘lgan xodim tasodifan Vesna Nikolich o‘rniga, endigina o‘qishni tugatib, amaliyot o‘tashni boshlagan Vesna Vulovichni yozgan.

Halokatdan keyingi hayot

Jarohatlardan so‘ng sog‘ligi tiklangan Vesna styuardessa sifatida ishlashni davom ettirishni xohladi. Rasmiylar rad etishdi va unga yerdagi boshqarish xizmatlari ishini taklif qilishdi. Ular odamlarning falokatni tezda unutishini istardi va bortdagi Vesna yo‘lovchilar e’tiborini jalb qilgan bo‘lardi. Bundan tashqari, tirik qolgan styuardessa haqidagi voqea “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan.

Vesna rasman boshqa hech qachon uchmadi, u faqat sayyoh sifatida uchgan. 1977 yilda u turmushga chiqdi, lekin ayolning farzandlari yo‘q edi. Vesna Iulovich 2016 yilda 66 yoshida Belgradda vafot etdi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.