Osoyishtalik uchun barcha mas’ul

Samarqand xalqaro aeroportida  «Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashishda fuqarolar bilan hamkorlik» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Samarqand viloyat huquq-tartibot idoralari vakillari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, aeroport xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda bugungi kunda xalqaro terroristik tashkilotlar va ularning harakatlariga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. 

– Keyingi paytda dunyo ommaviy axborot vositalari Suriya, Iroq va boshqa ayrim davlatlarda begunoh insonlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘layotgan terrorchi guruhlarning xunrezliklari xususida ko‘p aytilmoqda, – deydi viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Yo.Mansurov. – Ayniqsa, g‘arazgo‘y kimsalar internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali yoshlarga turli kuchlar ko‘rinishidagi diniy oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib, o‘z aqidalarini singdirishga urinmoqda.  Bu esa har doimgidan ham jiddiyroq ogoh bo‘lishni talab qilmoqda. Bunda uzoq muddatlarga xorijga ketgan mahalladoshlarni yaqinlaridan so‘rab turish, daraksiz ketganlar haqida zudlik bilan huquqni muhofaza etuvchi idoralarni ogoh etishi lozim. Zero, tinchligimiz, osoyishtaligimizga daxl kiluvchi har qanday tahdid, axborot xurujlariga befarq bo‘lishga hech kimning haqi yo‘q.

Tadbirda «Nadomat» filmi namoyish etildi.

O.NAIMOV.