Osteoporoz: Qirq yoshdan keyin nega suyak yemirilishi kuchayadi?
Murod Irismetov, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:
— Yosh o‘tishi bilan inson suyaklari mo‘rtlashib boraveradi. Aksariyat otaxonu onaxonlarimiz bel, oyoq, umurtqa, bo‘g‘im og‘riqlaridan tez-tez shikoyat qilishining sababi shunda. Buni tibbiyotda osteoporoz deb ataymiz.
♻️ Chunki odam 30 yoshga kirgunicha suyaklari turli tuz va mikroelementlar bilan to‘yinib, mustahkamlanadi. Biroq bu marradan so‘ng organizmda qon aylanish tizimi izdan chiqishi va boshqa sabablar tufayli suyak hajmi kamaya boshlaydi, bu esa osteoporozga olib keladi.
40 yoshdan keyin suyakning yupqalashishi, ya’ni mo‘rtlashishi kuchayadi. Mazkur jarayon tanada kalsiy ionlarining suyaklarga yaxshi singmasligi oqibatida yuz beradi. Ushbu omil suyaklar zichligi kamayishiga olib keladi.
Buning turli sabablari bor. Avvalo, kalsiy moddasini yemiruvchi to‘qimalar faoliyati kuchayib, quruvchi to‘qimalar kalsiy ionlarini yetkazib berishga ulgurmaydi. Ikkinchidan, quruvchi to‘qimalar faoliyati susayishi mumkin. Uchinchidan, har ikki to‘qima faoliyati bir vaqtda buzilishi mumkin.
📊 Osteoporoz ayollar o‘rtasida erkaklarga nisbatan to‘rt marta ko‘proq uchrashi ilmiy tadqiqotlar davomida isbotlangan. Ularda 50 yoshdan so‘ng suyaklar yumshashi keskin jadallashadi.
Ayniqsa, oltmish besh yoshdan oshgan opalarimizda bu patologiyaga tez-tez duch kelamiz. Shuningdek, kasallikka o‘ta ozg‘inlik, endokrin buzilishlar, menopauza(klimaks)ning barvaqt boshlanishi, uzoq vaqt dori-darmonlar qabul qilish singari holatlar, gormonal o‘zgarishlar ham sabab bo‘ladi.
🔬 Uzoq yillik tajrabadan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu darddan, birinchi navbatda, umurtqa pog‘onasi suyaklari aziyat chekadi. Ya’ni ularning zichligi kamayib, ba’zan sinishi kuzatiladi.
Xastalikning og‘ir asoratlaridan biri — son suyagi bo‘ynining sinishi. Oqibatda bemor to‘shakka mixlanib qoladi. Kamharakatlik osteoporzni yanada kuchaytirib, nogironlikka olib borishi mumkin.
📌 Vaholanki, zamonaviy tibbiyot xastalikni erta bosqichda aniqlash imkonini bermoqda. Eng samarali diagnostika usuli sifatida suyak densitometriyasini keltirish mumkin. Ellik yoshdan keyin har bir inson yiliga suyak zichligini o‘lchovchi ushbu tekshiruvdan o‘tib turishi maqsadga muvofiq.
🏥 Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mazkur kasallik eng ilg‘or texnologiyalar orqali aniqlanib, samarali davolanmoqda.
Xastalikning oldini olish uchun esa to‘g‘ri ovqatlanish muhim. Pishloq, sut, qatiq, sariyog‘, kunjut, baliq, turli ko‘kat va mevalar kabi kalsiy, kaliy, D vitaminiga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish, o‘z navbatida, jismoniy faol hayot tarzi insonlarni keksalikda turli og‘ir dard va ularning asoratlaridan asraydi.