Ota-ona bo‘la turib ham yetim bo‘lish mumkinmi?
“SOS Bolalar mahallalari” nodavlat notijorat tashkiloti dunyoning 138 ta mamlakatida, xususan, O‘zbekistonda 1997 yildan beri mavjud. 2021 yilda uning yurtimizdagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmati tashkil etilgan edi. Samarqand shahrining o‘zida uning 5 ta markazi ochilgan.
Kecha shaharning Ko‘ksaroy mahallasida yana bir “Ijtimoiy markaz”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
— Markazning asosiy vazifasi hududda ijtimoiy yetimlikka barham berish va ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, - deydi “SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining Samarqand filiali direktori Dilrabo Davronova. – Bu borada “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalla faollari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Hozirgacha 73 ta mahalla bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Ularga reja-grafik asosida borib, muhtojlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam berilmoqda.
Ayni markazlar asosan ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki shunday xavf ostidagi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar, ko‘p bolali oilalarning farzandlari bilan ishlaydi. Ma’lumotga ko‘ra, bugungacha ularda 303 ta oilaning 750 nafar farzandi va 416 nafar ota-onasiga turli xizmatlar ko‘rsatilgan.
— Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, odamlar ota-onalik mas’uliyatidan qochib, farzandini turli ijtimoiy muassasalarga joylashtirmoqchi bo‘ladi yoki umuman, boshqa bir insonning tarbiyasiga berib qo‘yadi, - deydi uyushmaning yetakchi ijtimoiy xodimi Sardor Primov. – Kimdir shunchaki ota-onalikka tayyor emas, kimdir shu yo‘l bilan manfaat ko‘rmoqchi bo‘ladi. Ijtimoiy yetimlik shundan kelib chiqadi. Biz barcha bolalar o‘z oilasida va huquqlari buzilmagan holda tarbiya topishiga harakat qilyapmiz. Aytish joizki, biz ko‘rsatayotgan xizmat bir yoki ikki kunlik emas. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bola va uning oilasidagi muhit mutaxassislarimiz tomonidan tizimli o‘rganilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish choralari ham ko‘riladi.