Otani xarob qilgan o‘g‘il

Odam borki, odamlarning naqshidir,
Odam borki, hayvon undan yaxshidir.

Alisher Navoiy.

Havo salqin. Maydalab yomg‘ir yog‘moqda. Akmal oshxona derazasi oldiga o‘tirib, ko‘klam manzarasini tomosha qilardi. Buvisi, oyisi va opasining suhbati qulog‘iga kirmas, u o‘z xayollari bilan band. Akmal xayolida keng va bepoyon osmonni quchardi. U kelajakda uchuvchi bo‘lmoqchi. Qishlog‘i ustidan samolyotda uchib o‘tishni, qo‘shnilari  unga faxr bilan qo‘l silkishini tasavvur qilardi. 
Nogahon eshik taqillab, uni xayollaridan chalg‘itdi. Opasi Nigora turib, eshikni ochdi. Katta ammasi Nilufar ekan. U ichkaridagilar bilan bir-bir salomlashib chiqarkan, bu orada Akmalning oyisi dasturxon taraddudini ko‘ra boshladi. Ammo boshiga oq ro‘mol tashlab olgan. Buvisi Qumri xola qoshlarini chimirib, "Tinchlikmi?", – deb so‘radi.
– Qo‘shni qishloqqa janozaga o‘tgandik, – dedi Nilufar ammasi. – Otamning o‘rtog‘i A’zam amaki bor-u, o‘sha kishi olamdan o‘tibdi.
Qumri xola nimalarnidir pichirlab, yuziga fotiha tortdi. 

– Hali endigina oltmishdan oshgandi, biror dard bilan og‘rigan ekanmi? – dedi bosh chayqab.
– A’zam amaki o‘g‘li qilgan jinoyatni ko‘tara olmadi. O‘g‘li Avaz giyohvandlik moddalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanar ekan. Bu fosh bo‘lgach, ota isnodga chidolmay yotib qoldi.
Qumri xola yoqasini ushladi. Bunday ochko‘zlarni tuproq to‘ydirmasa, aslo nafsi qonmaydi. Mana, noqobil farzandning ko‘rsatgan karomati. Bechora A’zam akaning umri mehnat bilan o‘tdi. Birovning haqiga xiyonat qilmadi. Rafiqasi Bibisora opa ham oq ko‘ngil ayol edi. Afsus… 
Akmal bu suhbatni eshitib, qalbida nafratga o‘xshash nimadir bosh ko‘tardi.  Go‘yoki osmondan pastga tushgandek edi. Balki uning beg‘ubor, go‘zal orzulariga shunday nobakorlarning qilmishlari xavf solar?

Dilnoza ALIMOVA.