Otasidan arazlagan yigit jinoyatga qo‘l urdi

Mirzabek (ismlar o‘zgartirilgan) ancha paytdan buyon mustaqil harakatlanishga qiynalib qoldi. Bir kuni ertalab nonushta qilayotganda u uy yumushlariga qarashmayotganini aytib, o‘g‘li Sirojni qattiqroq urishdi.

Siroj otasining tanbehidan xulosa qilish o‘rniga, arazlab ko‘chaga chiqib ketdi. Arazlaganini bildirib qo‘yish uchun kun bo‘yi mahalladagi bir issiqxonada o‘tirdi, uyiga bormadi.

Muazzam kun bo‘yi qorasini ko‘rsatmagan o‘g‘lidan xavotir oldi. Ko‘chaga chiqib, tanish-bilishlardan so‘rab-surishtirdi, qizi ikkovi izlab o‘g‘lini topolmadi.

Siroj yarim oqshomgacha shu yerda o‘tirdi. Oxiri ochlikka chidolmay, uyiga qarab yurdi. Uyiga yaqinlashganda otasidan hayiqib, fikridan qaytdi. Uyga kirmay shu atrofda biroz aylanib yurdi. Yarim tunda tentirab yurgan yigit bir oziq-ovqat do‘konining oldiga kelib qoldi. Do‘kon eshiklari oynavand bo‘lib, ichkarida ko‘rinib turgan oziq-ovqatlar ishtahasini ochib yubordi. Siroj eshik yoniga kelib, qulfni ushlab ko‘rdi. Keyin do‘kon atrofini ko‘zdan kechirib, bir temir bo‘lagi topdi va eshik qulfini buzdi. Ichkariga kirib, qora sellofan paketga ko‘ziga yaxshi ko‘ringan yeguliklardan, salqin ichimliklardan joyladi. Tashqarida sovqotganini eslab, shu yerdagi bir kurtkani olib kiyib oldi. Do‘kondan chiqib, o‘rtog‘i Shahzodning hech kim yashamaydigan, tashlandik uyiga bordi. Yeguliklardan yeb qornini to‘yg‘azdi, keyin shu yerda yotib dam oldi.

Ertalab turib ko‘chaga otlangan yigit, o‘g‘irlangan kurtkaning cho‘ntagidagi 100 dollarni ko‘rib, omadi kelganidan xursand bo‘ldi.

Mahalladagi savdo do‘koniga borib 100 dollarni so‘mga ayirboshlab, tashqariga chiqqan edi uni IIB xodimlari ushladi.

Xolislar ishtirokida undan 960.000 so‘m va ortgan oziq-ovqat mahsulotlari hujjatlashtirib olindi. Ota-onasi do‘kon egasiga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berdi.

Sudda aybiga iqror bo‘lgan Siroj kun bo‘yi ovqatlanmagani uchun do‘kondan o‘g‘irlik qilganini, qilmishidan pushaymonligini, yoshini hamda muqaddam sudlanmaganini inobatga olib qonuniy yengillik berilishini so‘radi.

Sud hukmi bilan Sirojga 1.115.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

“Burgaga achchiq qilib, ko‘rpani kuydirma”, degan gap bor. Siroj ham ota-onasiga achchiq qilib, arazlashi yaxshilik olib kelmadi. Mahalla-ko‘y oldida, sinfdoshlari orasida yuzi shuvut bo‘ldi.

Ilhom HAMIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.