O‘tkir Toshev kim edi?
O‘tkir bilan hamyoshmiz, mahalladoshmiz, bir maktabda o‘qiganmiz. Bobolarimizning ismlari Tosh bo‘lgan. Biri xo‘jalik raisi, biri usta edi. Ko‘pchilik buni bilmagani uchun bizni qarindosh deb o‘ylaydi. Ikkovimizning otamiz ham bir umr o‘qituvchilik qilgan.
Maktabdaligidayoq O‘tkirga, uning g‘ayratiga havas qilganmiz. Buning ustiga Toshkent politexnika instituti Navoiy filialiga o‘qishga kirgach, harbiy xizmatdan yangicha kuch-g‘ayrat va dunyoqarash bilan keldi. Darvoqe, harbiyda topgan suyuklisi Tojihol Saparniyozova bilan turmush qurdi. Institutning oxirgi kursini Toshkentda bitirishi jarayonida O‘tkir Bobomurodovich juda katta tajribaga ega bo‘ldi. Taniqli texnologlar, kasb mutaxassislari bilan yaqinlashdi, ulardan o‘rgandi. Natijada Ziyovuddin qo‘rg‘onida bundan 100 yil avval qurilgan sut zavodiga direktor bo‘lib, uni zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi darajasiga ko‘tara oldi. Turkman kelin doimo O‘tkirning yonida bo‘ldi, uni qo‘llab-quvvatladi.
O‘tkir bir joyda uzoq vaqt o‘tiradigan, to‘xtab turadigan yigit emas edi. Ana shu fazilati bilan yetti aka-ukaga sarbonlik qildi. Hatto, oxirgi paytlarda Bobomurod muallim ham o‘g‘lidan maslahat so‘raydigan, uning takliflariga qo‘shiladigan bo‘ldi. Tumanda birinchi bo‘lib xususiy korxona, xususiy mehmonxona ochdi. Keyinchalik chorvachilik fermer xo‘jaligi, g‘isht zavodi tashkil etdi. Paxtachiliklar bunday g‘ayrat-shijoatni haligacha faxrlanib eslashadi. Darvoqe, u bir muddat Navoiy viloyat go‘sht-sut sanoati idorasini boshqardi.
O‘.Toshevning Toshkentdagi faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Negaki, vaqtini behuda o‘tkazmadi. Olimlar, yangi zamon fidoyilari, taniqli ishbilarmonlar davrasida yurdi. Shu sababli oilasida ham ma’rifiy, ishbilarmonlik muhiti yuzaga keldi. Poytaxtday joyda katta savdo markazi qilish, mehmonxona va akvapark qurish oson ish emas. U xitoylik ishbilarmonlar bilan ana shu vazifani uddaladi. Natijada rahbariyat unga Navoiy va Samarqand shaharlarida ham ana shunday cho‘milish havzalari qurishni topshirdi. Bu ishni u o‘z vaqtida uddaladi.
Bu g‘ayratli tadbirkor Prezident topshirig‘iga ko‘ra "Buyuk ipak yo‘li" loyihasi asosida “Toshkent – Buxoro” yo‘li yoqasida mehmonxona, avtokemping, 100 ishchi o‘rinli yog‘-moy korxonasi barpo etdi.
Samarqanddagi qurilishlar chog‘ida men O‘tkirning mas’uliyatini, ish tutumini ko‘rib havas qilganman. Har bir mix hisobda, har bir yumushning sifati nazoratda, har bir xodimning faoliyati e’tiborda. Ochig‘i, buni har kim ham uddalay olmaydi.
Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, uning qo‘lida ishlaganlar doimo ishidan, olayotgan maoshidan rozi bo‘lib yurishardi. Aytganday, O‘tkirning yana bir xizmatini ta’kidlash lozim. U qayerda, nima ish bajarmasin, doimo o‘zi tanigan, halol tarbiya ko‘rgan paxtachilik yigit-qizlarni yoniga oldi. O‘qimaganlarni o‘qitdi, o‘qiganlarini yaxshi mutaxassis qilib tarbiyaladi. Shuning uchun ham Paxtachining qaysi qishlog‘iga bormang, uning sha’niga rahmatlar aytishadi.
O‘tkir Toshev hayot bo‘lganida 70 yoshga to‘lar edi. Ming afsuski, koronavirus degan baloyu ofat uni oramizdan barvaqt olib ketdi. Lekin haligacha men tumanga borganimda qaysi davrada o‘tirmay, albatta O‘tkirning nomini, uning og‘aynilariga, tuman ahliga qilgan xizmatini alohida eslashadi. Bunday beminnat duolar do‘stimiz xotirasini qalbimizga yildan-yilga mahkamroq muhrlab boradi.
Farmon TOShEV.