O‘z sohasining bilimdoni, jonkuyari edi
Samarqand viloyati veterinariya boshqarmasi boshlig‘i, sohada uzoq va samarali mehnat qilgan Elmurod Toshmuratov baxtsiz voqea tufayli vafot etdi.
E.Toshmuratov 1973 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ildi. 1990 yilda o‘rta maktabni tugatib, Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirdi.
1995 yilda institutni veterinariya vrachi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgach, mehnat faoliyatini Past Darg‘om tumanidagi “Past Darg‘om” ijara xo‘jaligi veterinariya sanitarligidan boshladi.
Shundan keyin tuman veterinariya bo‘limi veterinar vrachi, vetvrach-serologi, veterinariya laboratoriyasi direktori, tuman veterinariya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishladi. Bu vaqt oralig‘ida veterinariya sohasidagi bilimlarini amaliyotga keng qo‘lladi va katta tajriba to‘pladi.
Elmurod Toshmuratovning chorvachilik, veterinariya tizimidagi bilim va ko‘nikmalari, orttirgan salohiyati, shuningdek, rahbarlik qobiliyatini hisobga olib, 2013 yilda uni Samarqand viloyati davlat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga loyiq ko‘rishdi. Elmurod aka shu paytga qadar bu lavozimda baholi qudrat ishlab, sohaga yangiliklar kiritdi, veterinariyaning zamonaviy uslub va amaliyotini tarmoqqa joriy etdi.
Elmurod Amirovich qaysi lavozimda ishlamasin, o‘zini malakali mutaxassis, o‘z kasbini sevadigan va sohasi bo‘yicha takomil bilimlarga ega bo‘lgan, zamonaviy veterinariyani mukammal o‘zlashtirib olgan, sohada yetarlicha tajriba va ko‘nikmalar orttirgan rahbar sifatida ko‘rsatib keldi.
E.Toshmuratov yaxshi oila boshlig‘i, farzandlari tarbiyasiga o‘ta jiddiy qaraydigan, Vatanga, jamoasiga sodiq va fidoyi inson edi.
Butun umrini veterinariya va chorvachilikni rivojlantirishga bag‘ishlagan fidoyi inson Elmurod Toshmuratovning nomi, qilgan ishlari oilasi, yaqinlari va do‘stlari qalbida abadiy saqlanib qoladi.