O‘zbek davlatchiligi huquqiy tizimi shakllanishining tarixiy ildizlari

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganiga chorak asrdan sal oshgan bo‘lsa-da, o‘zbek davlatchiligining shakllanishi qariyb uch ming yil oldin boshlangan. Har bir davlat tuzilishi bilan bir qatorda, ushbu davlatning o‘z qonun-qoidalari, boshqaruv asoslari va huquqiy tizimi shakllanib boradi.

O‘zbekiston hududi qadimdan sharq va g‘arbni bog‘lovchi mintaqa bo‘lganligi bois ushbu hududda turli xil odat va an’analar shakllangan. Ushbu an’ana va odatlar urug‘-qabilalar tomonidan yaratilgan qonunlar bilan birgalikda, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma’naviy munosabatlarni tartibga solib kelgan.

O‘zbekiston tarixiga nazar solsak, yurtimiz hududida qadimgi davlatchilik va huquqning turli davrda turli xil holatda shakllangani ko‘zga tashlanadi. Jumladan, davlatda o‘rnatilgan dastlabki qonun-qoidalar qabilalarning urf-odatlari va diniy dunyoqarashlariga asoslangan. O‘zbekiston hududida shakllangan ilk yozma qonunchilik haqidagi ma’lumotlarni Zardushtiylikning muqaddas kitobi bo‘lgan “Avesto” orqali o‘rganamiz. “Avesto” bilan tanishib, uning bir qancha she’rlarida kishilar o‘rtasidagi hulq-atvor qoidalari, oila va niqoh munosabatlari, jinoyat va unga beriladigan jazo va boshqa qonunlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilganligini ko‘rish mumkin. Shu sababli “Avesto” o‘zbek davlatchiligi qadimgi davrining asosiy huquqiy manbalaridan biri, deyishimiz mumkin.

“Avesto”da yer-suv va mulkchilik munosabatlari
Qadimgi sharq mamlakatlarida yer bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish mexanizmi o‘ziga xos xususiyatlar bilan rivojlangan. Mamlakatdagi barcha yerlar rasman hukmdorning ixtiyorida bo‘lib, uning o‘zi tomonidan chiqarilgan qonun-qoidalar asosida yerga egalik qilish shakllari paydo bo‘la boshlagan. Zardushtiylarda yaxlit bir agromadaniyat yaratish uchun maxsus irrigatsiya tizimi va yer maydonlarini jamoa a’zolari o‘rtasida tartibli taqsimlanishiga amal qilingan. Jinoyat sodir etganlik uchun odamlarga jazo tayinlash turlari ichida suv inshootlari kurishda majburan ishlatish chorasi qo‘llanilishi ushbu mehnat turining og‘ir jismoniy mehnat hisoblanganligidan dalolat beradi.

Mulkchilik va qarz munosabatlari kishilik jamiyatining barcha davrlarida muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Shu sababli “Avesto”da ham ushbu munosabatlarni tartibga solishga bag‘ishlangan alohida boblar ajratilgan. Qarzdorlik bilan bog‘lik munosabatlarni tartibga solish maqsadida belgilangan qat’iy qonun-qoidalar tuzilgan bo‘lib, ularga binoan “qarzini to‘lamay, uni o‘zlashtirib yuborgan” qarzdor shaxs jinoyatchi hisoblangan. Bundan tashqari, “Kimda kim qarzni o‘z egasiga qaytarmasa, uning bu amali o‘sha omonatni o‘g‘irlagan bilan barobar”, degan qoida bo‘yicha jazo tayinlangan.

Shuningdek, “qo‘y qasami, “sigir qasami”, “ekin qasami” kabi kishilarning o‘z mulkini o‘rtaga qo‘yib, qasam ichish tartiblari ham mazkur manbada mavjudligi huquqiy munosabatlar qat’iy o‘rnatilganligidan dalolat beradi. Ushbu qasamlar qo‘y, sigir va ekini hisobidan garov evaziga qarz olish uchun qo‘llanilgan. Bugungi kun qonunchiligida ham ushbu tartib garov tarzida fuqarolik huquqiy munosabatlari tizimida amal qilib kelmoqda. Zardushtiylikning ushbu davrga kelib dastlabki shartnomalardan biri hisoblangan, ayirboshlash shartnomasi o‘z o‘rnini oldi-sotdi shartnomasiga bo‘shatib berganligini ko‘rish mumkin.

“Avesto”da nikoh va oila munosabatlarining tartibga solinishi
“Avesto”da keltirilgan yana bir muhim huquqiy masalalardan biri bu nikoh va oila munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha tuzilgan qat’iy qonun-qoidalardir. Nikoh va oila munosabatlariga “Avesto”da alohida bob ajratilganligi esa o‘zbek mintalitetining ajralmas bo‘g‘ini bo‘lmish oilaning qadimdan muqaddas hisoblanganligini tasdiqlaydi.

Shuningdek, “Avesto” qonunlarida farzand tarbiyasi masalasiga katta e’tibor qaratilgan. O‘g‘il bolalar tarbiyasi bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga ko‘ra, ular 50 dan ortiq harbiy qurol ishlata olishni bilishlari va turli xil hunarlardan tashqari, 32 xil harbiy hunarni bilishlari kerak bo‘lgan. Qiz bolalar esa ip yigirish, liboslar tikish, pazandachilik kabi uy hunarmandchiligi bilan bir qatorda, qilichbozlik, suvda suzish, kamondan o‘q otish kabi harbiy malakalarni ham egallashi shart bo‘lgan. Shaxsning bolalar tarbiyasiga bo‘lgan mas’uliyati ijtimoiy nazorat tizimi orqali jamoa a’zolari va urug‘ oqsoqollari tomonidan kuzatib borilgan. Ushbu ijtimoiy nazorat tizimiga ko‘ra, qiz bolalar 15 yoshda, o‘g‘il bolalar esa 16 yoshida oqsoqol boshchiligidagi jamoa oldida yuqorida belgilangan tarbiyalarni olganligi va egallaganlik darajasi maxsus imtihon orqali tekshirilgan. Imtihondan o‘tgan qizlar “uy bekasi”, o‘g‘il bolalar “oila boshlig‘i” bo‘lish huquqini qo‘lga qiritgan. O‘smirlar 15-16 yoshlarida balog‘atga yetgan hisoblanib, turmush qurish huquqiga ega hisoblanishgan.

Oila va zurriyot qoldirish muqaddas hisoblangani bois bunday qobiliyatga ega bo‘la turib oila qurmagan yigitga tamg‘a bosilib, beliga zanjir bog‘lab yurishga majbur qilingan. Salomatligi yaxshi bo‘lib, turmush qurmay yurgan qiz bola yer yuzida zurriyotini ko‘paytirishga qarshi hisoblangan va unga jazo sifatida qopga solinib, 25 darra kaltaklangan.

“Avesto”da jinoyat va jazo masalalari
Zardushtiylik davri sodir etilgan jinoyatlar uchun mavjud qat’iy qasosli jazo choralarini erkinlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratganligi bilan ham harakterlanadi. Avesto manbalarida keltirilishicha zardushtiylar ibtidoiy jamoa tuzumiga xos bo‘lgan qonli qat’iy jazo choralarini bekor qiladi. Ushbu toifadagi jazo choralarining o‘rniga jabrlanuvchi yoki qarindoshlariga haq to‘lash tartiblarini joriy etadi. Ushbu tartiblarning amalda qo‘llanilishi natijasida oila va nikoh, hamda jinoyat va jazo normalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik ta’minlangan. Zardushtiylik davrida joriy etilgan jinoiy jazolarni liberallashtirishning ushbu tartiblari hozirgi kun qonunchilik amaliyotida ham qo‘llanilib kelinmoqda.

“Avesto”dan keyingi yozma qonunlar sifatida Behistun qoyalarida aks ettirilgan fors shoxi Doro I tomonidan bosib olingan o‘lkalarda “joriy” qilingan qonunlar to‘plami, makedoniyalik Aleksandar tomonidan joriy etilgan “huquqiy odatlar” to‘plami uchraydi. O‘zbekistonda qadimgi davrda dehqonchilik asosiy ishlab chiqarish sohasi bo‘lgani bois mulk huquqida yerga egalik qilish huquqi markaziy o‘rinni egallagan bo‘lib, bu davrda shakllangan dastlabki qonunlar sifatida ham aynan mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar o‘z aksini topgan.

Bekzod ABDULLAYeV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodimi.