O‘zbek tili bayrami oldidan munosib sovg‘a
Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida mazkur xalqaro tashkilot va mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashini ana shunday qabul qilish mumkin.
O‘tgan yil 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabrni O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilgan, o‘sha kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi roli va nufuzini tubdan oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmon qabul qilingan edi. 2020 yilning 10 aprel kuni esa «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun imzolandi va bu yil 21 oktyabrni ilk bor o‘zbek tili bayrami sifatida nishonlaymiz.
Bu o‘rinda gap sanani nishonlashdagina emas, davlat tilining jamiyatdagi, har bir inson hayotidagi o‘rnini oshirish, ahamiyatini teranroq his qilishda. Zotan, bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har bir davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, jumladan, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda ham davlat tili bo‘lgan o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilib, xalqaro muloqot tiliga aylanmoqda. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘qitish, o‘rganishga e’tibor kuchaymoqda. Prezidentimizning BMT minbaridan o‘zbek tilida dunyoga murojaat qilishi esa bu borada yana bir dadil qadam bo‘ldi.
Bu birinchidan, mamlakatda davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni namoyon etadi.
Ikkinchidan, sayyoramizda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ko‘payib borayotgani hamda ularning manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muloqotlarda bu tildan foydalanish lozimligini anglatadi.
Uchinchidan, mamlakatdagi boshqa rahbar va mutasaddilarda ham davlat tiliga hurmat hissini mustahkamlaydi.
Albatta, bugungi kun o‘z ona tilidan boshqa tillarni, avvalo xalqaro tillarni ham puxta o‘zlashtirish, bilishni taqozo etadi. Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek, ikki emas, to‘rt til kerak. Bugun bundan ko‘p tillarni bilish ham ziyon qilmaydi. Lekin birinchi navbatda davlat tilini o‘rganish va boshqa tillarni o‘z ona tili orqali idrok qilib, o‘rganish avvalo milliy o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qiladi.
O‘ktam SAIDMURODOV,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.