O‘zbek tili - davlatimiz faxri, millatimiz g‘ururi

Inson qalbiga jamiki ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Til - insoniyat uchun eng katta boylik va buyuk mo‘’jiza.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Til millatning boyligi, tuganmas xazinasi, ko‘zgusi hamdir. Shu sabab til boyligi – el boyligi deyishadi. Tilni asrab-avaylash, boyitish, mazmunli so‘zlash har bir insonning burchi, vazifasi hisoblanadi.
21 oktyabrning O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanishi davlat tilimiz taraqqiyotiga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.
Keyingi yillarda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, jahonga tanitish, bu tilda yozilgan nodir asarlarni xorijiy tillarga o‘girish, shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarning o‘zbek tilini chuqur o‘rganishlari uchun olib borilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi. So‘nggi ikki yil davomida bu sana kichik zallarda nomigagina o‘tkaziladigan hisobot shaklidagi tadbir emas, balki tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.
Prezidentimizning yaqinda BMT minbarida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlashi nafaqat O‘zbekistondagi yurtdoshlarimiz, balki butun jahondagi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarga cheksiz g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishladi. Tom ma’noda O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanligi, uning tili davlat ramzlari kabi aziz va mukarram ekanligi o‘z ifodasini topdi.
Bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqamlar ona tilimizning umrboqiyligini mustahkamlovchi omillardan biridir. Respublikamizda ta’limning umumiy maqsadi negizida mustaqil ijodiy fikrlovchi hamda yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalash g‘oyasi yotadi.
Oktyabr oyida respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fani oyligi o‘tkazilib, o‘quvchi-yoshlar qalbiga ona tilimizning go‘zalligi yana bir bor singdiriladi. “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilar o‘rtasida diktant, ijodiy bayon va insholar tanlovlari, she’riyat kechalari, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik kechalari tashkil etilmoqda. Fan oyligi davomida har bir o‘qituvchi o‘z ustida mustaqil ishlaydi, izlanadi, fanga oid yangiliklar bilan tanishib, yangi uslublardan foydalangan holda, dars o‘tishga harakat qiladi. Bu esa, ta’lim sifatini oshiruvchi asosiy omillardan biridir.
G‘ayrat BOBOXOLOV,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.