O‘zbek tili rivoji uchun qachon qayg‘uramiz?
![](https://static.zarnews.uz/crop/3/0/720__80_307367a9c130e83431d7969107598791.jpeg?img=self&v=1739023813)
Nega ba’zi mamlakatlar migrantlar va boshqa maqsadlarda yurtiga kelgan fuqarolarga o‘z tilini o‘rgatmasdan ishga yoki o‘qishga qabul qilmaydi? Bizda esa xorijdan kelib mamlakatimiz oliygohlarida tahsil olayotgan talabalardan o‘zbek tilini bilish darajasini bildiruvchi sertifikat talab qilinmaydi?
Ochig‘i, bugungi globallashuv davrda davlatlar o‘rtasida tillarning yashab qolishi, rivojlanishi, xalqaro miqyosdagi mavqeini saqlab qolish uchun kurash ketmoqda. Ya’ni, mamlakatlar o‘z ona tilini dunyoga keng yoyilishi uchun turli strategik yo‘llar bilan harakat qilmoqda. Jumladan, Janubiy Koreyaga ko‘pchilik ishga yoki o‘qishga borishni istaydi. Biroq ushbu mamlakat xorijliklarni avval koreys tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro imtihondan o‘tkazib, “TOPIK-I, II, III” darajalarini o‘zlashtirgandan keyin ishga yoki o‘qishga ruxsat beradi. Bunday tartib Germaniya va boshqa davlatlarda ham bor.
Xo‘sh, bizda-chi? Xorijdan kelib oliygohlarimizda tahsil olayotgan talabalardan o‘zbek tilini bilish ham, unga doir hujjat ham so‘ralmaydi? Aksincha, buning o‘rniga xorijiy talabalarga dars berish uchun ingliz yoki boshqa tilni biladigan o‘qituvchi izlaymiz.
Turkiyada ham xuddi shunday tartib bor va tilga bo‘lgan hurmat juda yuqori. Ushbu mamlakatda olib borgan tadqiqot va izlanishlarim davomida bunga amin bo‘lganman. Turk tilini o‘rganmasangiz, hech qanday ta’lim muassasalarida o‘qiy olmaysiz. Biznes sohasidagi shartnomalar mutlaqo turk tilida bo‘lishi talab etiladi. Yoki kishilarning o‘zaro muloqotlarida, televideniye, seriallar, reklamalar, umuman, ijtimoiy hayotda tilga bo‘lgan hurmat, qonun ustuvorligi sezilib turadi. Misol uchun, radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari birinchi o‘rinda adabiy til sofligiga e’tibor qaratiladi.
Afsuski, o‘zimizda radio va televideniyelarda efirga berilayotgan ko‘rsatuv va seriallarda adabiy til sofligiga putur yetmoqda. Ya’ni, aksariyat ko‘rsatuv, kinolarimizda Toshkent shevasi adabiy til me’yoriga aylantirilgan. Ayniqsa, so‘zlarni buzib talaffuz qilish holatlari ko‘paygan.
Peshlavhalardagi yozuvlar, reklama va bannerlarni aytmasa ham bo‘ladi. Misol uchun, Samarqand shahridagi yuzlab reklamalar va afishalarni qonun talablariga javob bermasligini ko‘rishimiz mumkin. Shahar ko‘chalaridagi istalgan savdo ob’yektlari rus, ingliz, turk, fransuz va hokazo tillardagi ajnabiy yozuvlarga burkangan.
Vaholanki, 2022 yilning sentyabridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi reklamalarning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi” belgilab qo‘yilgan.
Bugun yoshlarda chet tillarni o‘rganishga ishtiyoq kuchli. Sababi, chet tilini yaxshi bilgan o‘quvchi maktabni tugatmasdanoq xorijiy oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga kiryapti yoki test sinovlarida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga o‘sha fandan yuqori ball berilyapti.
Keyingi yillarda bu jarayon yoshlar o‘rtasida juda ommalashib ketdi. Aytish joizki, bu o‘rinda ham o‘zbek tiliga e’tibor susaygandek. Xo‘sh, nega bizda davlat tilini bilish darajasi uchun bunday imtiyoz yo‘q? To‘g‘ri, mamlakat taraqqiyoti, fan-texnika uchun xorijiy tilni bilish zarur. Lekin keyinchalik o‘zbek tilini bilmaydigan, mensimaydigan avlodlar paydo bo‘lishi mumkin. Axir har birimiz avval o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan ona tilimizni, keyin boshqa tillarni o‘rganishimiz kerak emasmi?
Keyingi yillarda tilimizga turli sohalarga tegishli xorijiy terminlar kirib keldi. Masalan, kontent, perevod, kredit, vaucher, tyutor va hokazo. Bu so‘zlar tilda salbiylikni keltirib chiqarmoqda. Masalan, to‘rt yildan beri mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida “tyutor” so‘zining qo‘llanilish ko‘lami kengayib ketdi. Bu esa uning muqobili bo‘lgan “ustoz”, “tarbiyachi”, “ma’rifat yetakchisi”, “guruh murabbiyi” kabi o‘zbekcha so‘zlarning qadrsizlanishiga va yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Tabiiyki, bunday holatlarni kuzatish natijasida savol tug‘iladi. Nega tilimizga yangi so‘zlar kirib kelishi bilan uni o‘z holicha qabul qilamiz, muqobilini ishlab chiqmaymiz yoki so‘zning muqobili tilmizda bo‘la turib qo‘llamaymiz?
Xo‘sh, bugungi kunda o‘zbek tilini rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirish uchun nimalar qilish kerak? Bu borada takliflarim bilan o‘rtoqlashaman.
Birinchidan, tilga,avvalo, ona tiliga bo‘lgan muhabbatni, hurmatni oilada, keyin ta’lim muassasalarida shakllantirish, yoshlarning ongiga milliy qadriyat va milliy g‘urur tushunchalarini singdirish va ta’lim muassasalarida darslarni o‘zbek adabiy tili me’yorlariga rioya qilgan holda olib borish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, bugun har qanday tilning lug‘at boyligini internet, turli dastur va sun’iy intellekt orqali tarjima qilish mumkin. Shu bois o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan “milliy terminologiya”, “sotsiolingvistika”, “kompyuter lingvistikasi” sohalarni yanada kuchaytirish zarur. Buning natijasida chetdan kirib kelayotgan so‘zlarning muqobil variantlari ishlab chiqiladi, o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan dasturlar takomillashtiriladi, tarjimon dasturlarida va muloqot jarayonida bir so‘zning turli uslubiy ma’nolari ko‘rsatib beriladi.
Uchinchidan, keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga ona tili bo‘yicha milliy sertifikat va uni qo‘lga kiritgan pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lash joriy qilindi. Ushbu tajriba oliy ta’limda tahsil olayotgan xorijlik talabalar o‘rtasida ham qo‘llanilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga ega xorijlik talabalarning barcha ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnomasiga 50 foiz chegirma belgilash yoki imtihonni o‘zbek tilida topshirish kabi o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsadlar belgilab olish kerak.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston bilan hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan xorij mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalari qoshida o‘zbek tilini va madaniyatini, o‘rgatishga, targ‘ib qilishga ixtisoslashgan “O‘zbek tili markazlari” ochish lozim. Bunda Turkiya tajribasidan foydalanish mumkin.
Ixtiyor YoQUBOV,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.