O‘zbekcha yozishga uyalasizmi?

Dugonam bilan Samarqand shahri ko‘chalarini aylanganimizda savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari peshlavhalaridagi yozuvlar, reklama va e’lonlarning xorij tillarida yozilgani e’tiborimizni tortdi.

“Coffee Time”, “Rayol Vills”, “Dreams house”, “Dostavka”, “Dobro pojalovat” va shu kabi so‘zlar o‘zbek adabiy tili me’yorlariga zid ravishda yozilgan. Yozuvlar ichida eng kattasi “SALE UP TO 70% OFF!” degan yozuvning ma’nosi dugonamdan so‘radim. “Bu chegirma degani, ya’ni mahsulotlari 70 foizgacha arzonlashtirilgan”, deb javob berdi. Xo‘sh, nega buni o‘zbekcha yozishmagan?

«Davlat tili haqida»gi qonunning 20-moddasida «Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin» deyilgan. Afsuski, shaharda aksariyat ob’yektlarni nomlashda bunga amal qilinmayapti.

2023 yilda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilidagi kontentning ulushi bor-yo‘g‘i 15-20 foizni tashkil qilgan. Kontent asosan rus va ingliz tillarida tarqatiladi. Bu yoshlar orasida o‘zbek tilidagi mazmunli axborot yetishmasligi va natijada o‘zbek tiliga qiziqishning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Misol uchun, xorijdagi aksariyat mamlakatlarda ishlash yoki o‘qish uchun o‘sha davlat tilini bilish talab etiladi. Bizda-chi? Nega bunday amaliyot yo‘q? O‘zimizda ishlaydigan va tahsil oluvchi talabalar soni ham kam emas.

O‘zbek tilini rivojlantirish, mavqeini oshirish uchun, avvalo, ona tilimizni oilada, ta’lim muassasalarida hurmat qilishni o‘rganishimiz, tilimizga yangi so‘z kirib kelishi bilan muqobil shaklini qo‘llashimiz va lug‘atlarga kiritishimiz kerak. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘qitish markazlari, o‘zbekcha tarjima dasturlar joriy qilish va barcha sohalarga oid lug‘atlar chop etish lozim.

Sunbula AHMADOVA,

Muxlisa MISIROVA.