O‘zbekiston 24 mayga qadar koronavirusni yengishi haqidagi xabarlar qanchalik to‘g‘ri?

— Ijtimoiy tarmoqlarda Singapur universiteti olimlarining O‘zbekistonda 24 mayga qadar koronavirus infeksiyasi tarqalishi tugashi to‘g‘risidagi prognozlar haqida ma’lumot ko‘rdim. Bu borada mutaxassislarimiz qanday fikrda?

Mazkur savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov javob berdi.

“Singapur universiteti olimlari matematik model va joylardagi statistikadan kelib chiqib, prognoz hisobi dasturini yaratishdi. Ularning o‘zlari bu bor-yo‘g‘i dasturligini va haqiqatda holat mutlaqo boshqacha bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda”, dedi Oqilov.