O‘zbekiston “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo‘yicha sa’y-harakatga chaqiriqni imzoladi

Bugun, 9 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo‘yicha sa’y-harakatga chaqiriqning O‘zbekiston tomonidan imzolanishi marosimida ishtirok etdi hamda videomurojaat yo‘lladi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.

Ta’kidlash joizki, 2019 yil fevral oyida AQSh prezidenti maslahatchisi I.Tramp “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bilan chiqdi. Mazkur tashabbus dunyo bo‘ylab ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 18 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 122 million AQSh dollari qiymatidagi byudjetga ega.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda xotin-qizlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada qator ijobiy natijalarga erishilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Imzolangan hujjatning maqsad va tamoyillari mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati bilan hamohang ekanligi qayd etildi.

Bu tashabbus dunyoda gender tenglikni ta’minlash ishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Mazkur hujjat ayollarni mamlakat iqtisodiy hayotida to‘laqonli, erkin ishtirok etishi, iqtisodiy o‘sish, barqarorlik va tinchlik uchun yanada ko‘proq xizmat ko‘rsatishlariga imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston esa mazkur yo‘nalishda xalqaro miqyosda manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.