O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishi uchun nima qilish kerak
Avvalo, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmining o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari ularnikidan (boshqa rivojlanayotgan davlatlarnikidan ham) sezilarli darajada yuqori bo‘lmog‘i shart. Aks holda, aholi hayot farovonligini tubdan oshirish, iqtisodiy taraqqiyot poygasida peshqadamlikni qo‘lga kiritish borasidagi natija yaxshi bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonda haqiqiy iqtisodiy mo‘’jizasi yaratish uchun ishlab chiqarish ehtiyojlarida foydalaniladigan zamonaviy, lekin qimmatbaho mashina va jihozlarning importyoridan bosqichma-bosqich ularning eksportyoriga aylanish siyosatini tutmoq lozim. Bunday yuksak marralarga erishishning asosiy sharti – mamlakatda iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning dolzarb muammolarini zamon talabi darajasiga ko‘tarishdan iborat.
Iqtisodiy tafakkur insonni taraqqiyotning nechog‘li yuksak cho‘qqilariga olib chiqishi mumkinligi xususida juda ko‘p tarixiy dalillarni misol qilib keltirish mumkin.
Birinchi misol
Adam Smit, Devid Rikardo, Jon Meynard Keyns, Alfred Marshall, Yozef Shumpeter, Milton Fridman kabi mashhur iqtisodchilar, yuksak, iqtisodiy tafakkur sohiblari edilar. Afsuski, ularning iqtisodiy tafakkuri, noyob iste’dodi tufayli ixtiro etilgan iqtisodiy qonunlarning, nazariya va ilg‘or g‘oyalarning kishilik jamiyati taraqqiyotiga, uni boyitishga qo‘shgan hissasini hisoblab chiqishning va raqamlarda ifoda etishning iloji yo‘q. Masalan, kishilik jamiyati olamga mashhur buyuk iqtisodchi Keynsning dono maslahatlari va ilmiy tavsiyalariga tayangan holda, butunjahon xo‘jaligini, uning tarkibidagi barcha mamlakatlar milliy iqtisodiyotini larzaga keltirgan, batamom izdan chiqargan, behisob iqtisodiy yo‘qotishlarga sababchi bo‘lgan Buyuk depressiyaning dahshatli girdobidan taraqqiyotning ravon yo‘liga olib chiqish sharafiga muyassar bo‘ldi.
Mana shundan kelib chiqqan holda, bir shu misolda iqtisodiy tafakkurning iqtisodiy taraqqiyotga erishishdagi roli nechog‘lik kuchli ekanligini izohlab berish mumkin. O‘sha og‘ir damlarda, tabiiyki, butun dunyo yetakchi iqtisodchilarining, barcha iqtisodchi olimlarning butun diqqat-e’tibori jahon xo‘jaligini halokatli inqiroz azob-uqubatlaridan olib chiqishga qaratilgan edi. Lekin ularning ichidan faqat Keyns ushbu o‘ta og‘ir muammoning to‘g‘ri yechimini izlab topdi va dunyoning buyuk iqtisodchisi, deb tan olindi. Nima uchun? Chunki uning iqtisodiy tafakkuri tadqiqotda ishtirok etgan boshqa raqobatchi safdoshlarinikidan yuqori edi. Shuning uchun ham u atigi 45 betdan iborat “Bandlik, kredit va foizning umumiy nazariyasi” (1936 yil) nomli asarida yoritgan ilmiy g‘oyalari yordamida iqtisodiyot fanida butun dunyo iqtisodchilari e’tirof etgan tom ma’noda ilmiy to‘ntarish yasadi.
Bir narsani aniq aytish mumkinki, Keyns va u kabi iste’dodli iqtisodchi olimlarning jahonshumul ahamiyatga ega ilg‘or iqtisodiy g‘oyalari, fanda chinakamiga to‘ntarish yasagan ilmiy nazariyalari kishilik jamiyatiga behisob moddiy boylik keltirdi, insonning to‘q-farovon hayot tomon harakatiga yo‘lboshchilik qildi. Kishilik jamiyati iqtisodiy taraqqiyotiga ularning qo‘shgan hissasini qiymat jihatidan millionlab, yuz millionlab oddiy ishlab chiqaruvchilarning bir necha yillik mashaqqatli mehnati bilan yaratilgan moddiy boylikka qiyoslash mumkin.
Ikkinchi misol
Inson iqtisodiy tafakkurining kuch-qudratini olamga mashhur Karl Marks ta’limoti asosida ham yaqqol yoritib berish mumkin. Kommunistik jamiyat qurish nazariyasining ixtirochisi Karl Marks dunyoning buyuk iqtisodchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Amaliy tajriba uning nazariyasi noto‘g‘riligini, kommunizmga o‘tish g‘oyasi soxtaligini, puchligini ko‘rsatdi. Bizningcha, iqtisodchining buyukligi uning butun umri davomida uch tomdan iborat “Kapital” nomli asar yozib, kommunizmga o‘tish to‘g‘risida yangi ta’limot yaratganligida emas, balki ilmiylikdan yiroq bo‘lgan ana shu soxta nazariyaga millionlab, yuz millionlab kishilarni ishontira olganligida. Uning soxta, sxolastik g‘oyalariga ishongan avom xalq qo‘liga qurol olib, revolyusion to‘ntarishlarda faol ishtirok etdi, juda ko‘p kishilar jang maydonlarida hattoki jonini ham qurbon qildi. Natijada sayyoramizda 15 ta respublikadan tarkib topgan SSSR davlati, 14 ta mustaqil davlatni qamrab olgan sotsialistik lager vujudga keldi. Marks ta’limotiga, uning sxolastik g‘oyalarining hayotiyligiga qat’iy ishongan, ularni haqqoniy deb qabul qilgan dohiylar, davlat arboblari, olimlar, iqtisodchilar, keng xalq ommasi ancha tarixiy davr davomida ushbu g‘oyaning amaliyotga tadbiq etishga, ro‘yobga chiqarishga ham urinib ko‘rdilar. Lekin kishilik jamiyatiga juda qimmatga tushgan Marks ta’limoti amaliy tajribada o‘zining ilmiyligini, haqiqiy ekanligini isbotlab berolmadi. Behuda eksperimentlardan so‘ng Marks ta’limoti batamom inqirozga uchradi, kishilik jamiyati ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha oltin qoidalariga qatiy rioya qiladigan tizim – zamonaviy bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lini tutdi.
Har qanday sog‘lom fikrlaydigan kishida butun dunyoni suvsiz tebratgan, juda ko‘p kishilar qat’iy ishongan kommunistik jamiyat qurish g‘oyasining inqirozga uchrashining sababi nimada, degan savolning tug‘ilishi tabiiy? Oddiygina qilib tushuntirib berishga urinib ko‘rmoqchimiz.
Marksning iqtisodiy ta’limoti avval boshdan tabiat qonunlarini yetarli darajada e’tiborga olmagan holda, aniqrog‘i, uning ob’yektiv qonunlarini inkor etish asosida yaratilgan edi. Ma’lumki, tabiat insonni, qolgan barcha tirik mavjudotlar singari, muayyan hayotiy ehtiyojlar va ushbu ehtiyojlarni qondirish imkonini beruvchi iste’mol qilish qobiliyati bilan qurollantirdi. Demak, inson, o‘z tabiatiga ko‘ra, birinchi navbatda, iste’molchidir. Tabiatan u iste’mol qilib yashashga, o‘zining hayotiy ehtiyojlarini qondirishga, ya’ni tabiatning ob’yektiv qonunlariga itoat qilishga, majbur. Ayniqsa, insonning fiziologik ehtiyojlarini qondirish xususida gap ketganda, ushbu haqiqat inkor qilib bo‘lmaydigan aksiomaga aylanadi. Aksariyat tadqiqotchilar tomonidan tan olingan, 5 qismdan tarkib topgan, Maslou ehromining asosida insonning birinchi darajali ehtiyoji sifatida aynan fiziologik ehtiyojlar o‘rin olganligi ham bejiz emas. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, inson oziq-ovqat mahsulotlari iste’molisiz 40 kungacha, suv iste’molisiz 10 kungacha jon saqlashi mumkin ekan. Demak, har qanday kuch, jamiyat qonuni, nazariya, iqtisodiy ta’limot yoki boshqa vositalar insonni iste’mol qilish tashvishlari va azob-uqubatlaridan qutqarib olishga yoki mahrum qilishga ojizlik qiladi.
Marks kapitalist ixtiyoridagi shaxsiy mulkni musodara qilish, kuch bilan tortib olish (yekspropriatorlarni ekspropriatsiya qilish), pirovard natijada, uni ishchi-proletar sinfi foydasiga taqsimlab berish yo‘li bilan jamiyatda ijtimoiy adolat o‘rnatish g‘oyasini ixtiro qildi. Lekin, ushbu tadbir o‘zining mazmun-mohiyati jihatidan jamiyatda sotsial adolat o‘rnatish tamoyillariga zid bo‘lib, adolatning o‘rnatilishiga emas, aksincha, uning qo‘pol tarzda, o‘taketgan adolatsizlik bilan buzilishiga olib keldi. Mantiqiy dalillar:
Birinchidan, kapitalistning shaxsiy mulki uning ko‘p yillar davomida ijtimoiy ishlab chiqarishni uzluksiz rivojlantirishga, el-yurt dasturxonini noz-ne’matlar bilan to‘ldirishga, ijtimoiy ishlab chiqarishni tashkil etishda noyob tadbirkorlik qobiliyat sohibi sifatida qo‘shgan hissasi uchun, shaxsiy daromadini taqsimlashda o‘z iste’molini cheklab, jamg‘arishga katta moyillik bildirganligi uchun, iqtisodiy resurslardan foydalanishda ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymay, ishlab chiqarish jarayonlarida tejamkorlik tamoyillariga qat’iy rioya qilganligi uchun jamiyatning unga foyda shaklida in’om etgan, kechib bergan o‘ziga xos mukofoti. Hozirgi zamon iqtisodiyot nazariyasi Karl Marks o‘z vaqtida revolyusion to‘ntarish orqali, kuch bilan jamiyatda sotsial adolat o‘rnatish muaamosining yechimini ancha madaniylashgan, evolyusion yo‘llarini izlab topdi va amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etdi. Bu ham bo‘lsa, erkin bozor iqtisodiyoti va keskin raqobat sharoitida yaratilgan milliy daromadni davlat byudjeti yordamida qayta taqsimlash orqali (milliy daromadning ikkilamchi taqsimoti) aholining kam daromadli, iqtisodiy madadga muhtoj qatlamlarini, kambag‘allarni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi.
Ikkinchidan, Karl Marks ta’limotining inqirozga yuz tutishi sabablaridan yana biri – uning uzoq kelajakni oldindan ko‘ra bilmaganligida, deb o‘ylaymiz. Marksning revolyusion yo‘l bilan sotsializmga o‘tish g‘oyasi amaliyotga joriy etildi: 1917 yilda chor Rossiyasida revolyusiya g‘alaba qozondi, proletar diktaturasi o‘rnatilib, kapitalistlarning mulki musodara qilindi. Kapitalistlarning mulki davlat mulki, umumxalq mulki, deb e’lon qilindi. Lekin, buyuk nazariyotchi taxmin qilgan, mo‘ljalga olgan iqtisodiy mo‘’jiza amalda sodir bo‘lmadi, ya’ni milliy daromadning jamiyat a’zolari orasida o‘zaro tenglik, moddiy manfaatdorlik tamoyillari asosida “Har kimdan – qobiliyatiga yarasha, har kimga – mehnatiga yarasha” taqsimotini ta’minlash g‘oyasi amalda o‘z isbotini topmagan og‘zaki shiorga aylanib qoldi. Kapitalistlarning ishchi va dehqonlarga sof tekinga tushgan, revolyusiya oqibatida o‘z egasidan judo bo‘lgan shaxsiy mulki qadrsizlandi, unga egalik qilish, uni tasarruf etish, undan foydalanish va natijalarin o‘zlashtirsh munosabatlarini shakllantirishda jiddiy, g‘ayriiqtisodiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Ishchi-dehqonlar egasiz qolgan mulkni asrab-avaylab, ko‘paytirish haqida g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga, undan imkon qadar ko‘proq foydalanib qolish, o‘ziga tegadigan qismini ko‘paytirish payida bo‘ldilar. Boz ustiga, oddiy ishchi yoki dehqonning mulkdan samarali foydalanish tajribasining yo‘qligi, uni ishlatish va undan foydalanish ko‘nikmalarining hali shakllanmaganligi iqtisodiy ishlab chiqarish sur’atlarining keskin pasayib ketishiga sabab bo‘ldi. Eng dahshatlisi, oldingi mulkdorlarda uzoq yillar davomida shakllangan mulkka egalik qilish madaniyati inkor etildi, uning o‘rniga mulkka nisbatan tug‘ma immuniteti zaif, ochko‘zlikda kapitalistlardan chandon o‘tib ketgan yangi, oddiy ishchi va dehqonlardan tarkib topgan, mulkdorlar sinfi qatlami paydo bo‘ldi. Nega yo‘qchilik azob-uqubatlaridan ezilib, taqdir taqozosi bilan bor shaxsiy mulkni qo‘lga kiritgan, mulk egasiga aylangan yangi mulkdorlar milliy daromad taqsimotida sotsial adolat tamoyillarini o‘rnata olmadilar? Chunki ularning mulkiy munosabatlarga nisbatan xulq-atvori, dunyoqarashi ham, xuddi oldingi mulkdorlardagi singari, Marksning sxolastik nazariyalari asosida emas, balki insonning iste’molga bo‘lgan hayotiy ehtijlari asosida shaklllanadi.
Yuqoridagi tafsilotlarning bayonini biz Marks ta’limotini tanqid qilish yoki ushbu nazariya kishilik jamiyati ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga negativ ta’sir ko‘rsatganligini isbotlab berish maqsadida keltirganimiz yo‘q. Asosiy maqsad – yuqorida qayd etilgan tanqidiy fikr-mulohazalar yordamida inson iqtisodiy tafakkurining cheksiz imkoniyatlarini, kuch-qudratini, hattoki u soxta bo‘lgan taqdirda ham, millionlab kishilarni revolyusion to‘ntarish sari yetaklab borishi ham mumkinligini qayd etmoqchimiz.
Uchinchi misol
Iqtisodiy tafakkurning inson hayotidagi rolini alohida individ misolida ham izohlab berish mumkin. Masalan, taqdir taqazosi bilan orolda yakka o‘zi qolib ketib, o‘zining aql-zakovati bilan og‘ir iqtisodiy sharoitda zaruriy ehtiyojlarini qondirish va jon saqlab, tirik qolish Robinzon Kruzoda mujassam bo‘lgan kuchli iqtisodiy tafakkurning amaliy natijasi. Aynan kuchli iqtisodiy tafakkur uni o‘lim changalidan qutqarib qoldi. Kemaning halokatga uchrashidan oldingi davrda Kruzo o‘z ongida shakllangan iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarga tayanib, uni ijodiy rivojlantirib, yakka o‘zi, hech kimning chetdan yordamisiz, zaruriy ehtiyojlarini qondirish, halokatli iqtisodiy vaziyatdan chiqish imkonini izlab topdi. Kimsasiz orolda kognitiv iqtisodiy tafakkur yordamida o‘z hayoti uchun kurashdi, bug‘doy ekib, yetishtirib, echki sog‘ib kun kechirdi. Agar Robinzon Kruzoning ongida o‘z aksini topgan, oldindan shakllangan iqtisodiy bilim va hayotiy tajriba bo‘lmaganda edi, agar u ushbu bilimlarni favqulodda yuzaga kelgan murakkab vaziyatga moslab, batamom yangi darajalarga ko‘tarish iqtisodiy qobiliyat sohibi bo‘lmaganda edi, hayot bilan xayrlashishi muqarrar edi.
Xulosa o‘rnida
Ushbu dolzarb muammoning yechimi sifatida yurtimizda aholi iqtisodiy tafakkurini yuksaltirishga, uni taraqqiyotning bosh omiliga aylantirishga qaratilgan “Iqtisodiy savodxonlik – iqtisodiy yuksalishning bosh omili” shiori ostida safarbarlik e’lon qilishni taklif qilamiz. Aholi barcha qatlamlari uchun ularning iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishdagi rolidan va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodiy fikrlash doirasini kengaytirishning samarali chora-tadbirlari va ularni hayotga tadbiq etish mexanizmlari ishlab chiqilishi lozim. Iqtisodiyotda band bo‘lganlarning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalari darajasini, iqtisodiy tafakkur yuritish darajasini baholashning tabaqalashgan ko‘rsatkichlar tizimi yaratilishi maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarning iqtisodiy bilimdonligini oshirish borasida erishgan yutuqlarini, ko‘rsatgan jonbozlik va tashabbuslarini rag‘batlantirishning va ayni paytda, ularning yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun javobgarligini oshirishning samarali mehanizmlari o‘z yechimini topmog‘i lozim. Aks holda, mo‘l-ko‘lchilikda boy-badavlat yashash borasida ezgu maqsadlarimiz va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmay qolishi muqarrar.
Agar biz rivojlangan mamlakatlar safidan munosib o‘rin egallab, ularning xalqi singari mo‘l-ko‘lchilikda boy-badavlat yashashni xohlasak, o‘z hayotimizda, birinchidan, iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning cheksiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligini, shartligini tushunib yetmog‘imiz, ikkinchidan esa ularning cheksiz imkoniyatlarida samarali foydalanmog‘imiz kerak. Shundagina tabiat (boy tabiiy resurslar) va jamiyat (boy madaniy meros) bizga saxiylik bilan in’om etgan behisob iqtisodiy resurslar mamlakatimizning iqtisodiy qudratini oshirish, ish haqimizni ko‘paytirib, dasturxonimizni iqtisodiy noz-ne’matlarga to‘ldirish, to‘kin-sochinlikda boy-badavlat hayot kechirishning kuchli omiliga aylanadi.
M.Muhammedov, M.Pardayev, iqtisod fanlari doktori, SamISI professorlari.
(Tamom)