O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi yurtdoshlarimizga murojaat qildi
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi federatsiya hududida bo‘lib turgan hamyurtlarimizga murojaat qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Iste’molchilar huquqlari va inson farovonligi himoyasini nazorat qilish bo‘yicha Federal xizmat (Rospotrebnadzor) axborotiga ko‘ra, Rossiya huzuridagi koronavirus infeksiya bilan kasallanish bo‘yicha bir nechta holat qayd etilgan.
O‘zbekiston Elchixonasi va Bosh konsulliklari tomonidan Rossiyaning vakolatli markaziy va hududiy organlari bilan aloqalar o‘rnatilgan va doimiy muloqot olib borilmoqda. Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat doimiy kuzatuv ostiga olindi. 2020 yil 16 mart holatiga ko‘ra, Rossiyada yangi infeksiya bilan kasallanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.
Elchixona vatandoshlarimizni vahimaga berilmaslik va xotirjamlikka chorlab, yangi virus bilan kasallanishning oldini olish uchun uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so‘raydi:
− jamoat joylari: savdo markazlari, sport va boshqa ommaviy tadbirlarga borishdan tiyilish, tig‘iz vaqtda jamoat transportidan foydalanmaslik;
− jamoat joylarida bir martalik tibbiy niqobdan (respirator) foydalanish va uni har 2-3 soatda almashtirish;
− o‘tkir respiratorli virus infeksiyasiga (ORVI) oid sezilarli belgilar (yo‘tal, aksirish, burundan suv oqishi) bor insonlar bilan bir xonada bo‘lish va yaqin aloqaga yo‘l qo‘ymaslik;
− ko‘chadan qaytganda, begona odamlar bilan muloqot qilingandan so‘ng qo‘llarni suv va sovun bilan yuvish;
− gadjetlar, kompyuterlar va boshqa texnika, shuningdek, doimiy foydalanadigan mebellarni muntazam ravishda dezinfeksiyalash;
− imkon darajasida qo‘l berib ko‘rishish va quchoqlashuvlardan voz kechish;
− faqat o‘zingizniki bo‘lgan shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish (sochiq, tish tozalash vositalari);
− imkon darajasida ko‘z, burun va og‘izni qo‘l bilan ushlamaslik;
− epidemiologik vaziyat yomon bo‘lgan mamlakatlarga safarga qilishdan voz kechish;
− Rossiya hukumatining tavsiyalarini diqqat bilan kuzatib borish va ularga amal qilish.
Tibbiyot mutaxassislarining ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning asosiy belgilari tananing yuqori harorati, bosh og‘rig‘i, zaiflik, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashuvi, mushaklarda og‘riq, ko‘ngil aynishi va qayt qilish hamda ich ketishi hisoblanadi. Kasallik bilan bog‘liq belgilar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan 103 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordam chaqirish lozim.
Mavzuga doir qo‘shimcha axborotlarni O‘zbekistonning Moskvadagi Elchixonasi hamda Vladivostok, Yekaterinburg, Kazan, Novosibirsk, Rostov-na-Donu va Sankt-Peterburg shaharlaridagi Bosh konsulxonalari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlarga qo‘ng‘iroq qilib olish mumkin.