O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida portlash bo‘lishi haqida yolg‘on xabar bergan fuqaro aniqlandi

Toshkentda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida portlash bo‘lishi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi aniqlandi.

"Postda" nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, 19 oktyabr soat 17:32 da ichki ishlar idorasiga kelib tushgan murojaatda shu kuni noma’lum shaxs uyali aloqa raqamidan Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Bog‘ ko‘chasida joylashgan Uztelecom aloqa kompaniyasi operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, rus tilida «Ertadan keyin O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida portlash bo‘ladi» deb, go‘shakni o‘chirib qo‘ygan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib chiqqan telefon raqami Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan J.N.ning nomiga rasmiylashtirilganligi, lekin u ushbu raqamdan foydalanmasligi ma’lum bo‘lgan. Undan tog‘asi — Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan A.D. foydalanishi aniqlangan. Aynan u ushbu qo‘ng‘iroqni amalga oshirganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, A.D.ning nima maqsadda bunday qilganligiga oydinlik kiritilmoqda.