O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ilk bitiruvchilarini mustaqil hayotga kuzatdi
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutining birinchi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda bitiruvchi talabalar, ularning ota-onalari va professor-o‘qituvchilar qatnashdi.
- Mamlakatimizda pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida 2022 yil 21 iyun kuni Respublika Prezidentining tegishli qarori bilan Samarqandda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tashkil etilgandi, - dedi institut rektori Shahnoza Negmatova. – O‘tgan davr mobaynida institut faoliyati tizimli tashkil etilib, unda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, fizika va astronomiya, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, kimyo, biologiya, tarix, psixologiya, jismoniy madaniyat, o‘zbek tili va adabiyoti kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Hozirgi vaqtda institutda 9 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Bugun institutning san’atshunoslik fakultetidan 128 nafar, jismoniy madaniyat, sport va maktabgacha ta’lim fakultetidan 398 nafar, jami 526 nafar yoshlar bakalavr, 9 nafar yigit-qizlar esa magistrlik diplomlariga ega bo‘ldi.
Institutni bitirayotgan talabalarning 86 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning 11 nafari xorijiy til sertifikatini qo‘lga kiritib, o‘qishini magistratura bosqichida davom ettirish uchun ariza topshirgan.
Tadbirda institutda a’lo baholarga o‘qigan va namunali xulqqa ega talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Xurshida ERNAZAROVA.