O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabalari Finlandiyada ta’lim oladi

Institut rektori Shahzoda Negmatova boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Finlandiyaning Turku universitetida bo‘lib, mazkur universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Kalle Antti Suominen va boshqa bir qator mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, xususan, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va magistratura, doktorantura bosqichida ta’lim integratsiyalashuvini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

- Ko‘nggi vaqtlarda ta’limda fin tajribasini qo‘llash, Finlandiya standartlari asosida darsliklar yaratish kabi masalalar bizda ham ko‘p tilga olinyapti, - deydi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova. - Biz Finlandiya ta’lim tajribasini o‘rganib, mos jihatlarini tahlil qilgan holda pedagogik amaliyotga joriy etish va shu orqali ta’lim tizimimizni yangilash niyatidamiz. To‘g‘ri, bu ancha murakkab jarayon, lekin hamkorlikda olib borayotgan loyihalarimiz tez orada o‘z samarasini beradi.

Kalle Antti Suominen ikki taraflama hamkorlikdan mamnun ekanligini, bu Turku universitetining xalqaro aloqalari uchun muhim ahamiyat kasb etishini va har qanday yordamga tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, muloqot davomida O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabalari va tadqiqotchilari uchun grantlar va stajirovkalar tashkil etish masalasi muhokama etildi.

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti axborot xizmati.