O‘zbekiston — global muloqot tashabbuskori

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tarixiy ahamiyatga ega global voqeliklar silsilasini anglash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim platforma bo‘ldi. Chunki ushbu sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki va nutqi milliy manfaatlarni ilgari surish bilan birga, mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha aniq va asosli pozitsiyalar bayon etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z chiqishida Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish, uni global xatarlardan muhofaza qilish va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu pozitsiya bir tomondan, O‘zbekistonning mintaqada yetakchi davlat sifatidagi nufuzini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, mamlakat tashqi siyosatidagi pragmatik va hamkorlikka asoslangan yondashuvni namoyon etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida inson huquqlari, adolat va qonun ustuvorligi kabi masalalarni ham ilgari surdi. Ijtimoiy barqarorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash va gender tengligi bo‘yicha tashabbuslar BMT kun tartibidagi “2030-Barqaror rivojlanish maqsadlari” bilan uyg‘un ekanligi e’tirof etildi.
Afg‘onistondagi vaziyatga ham alohida to‘xtalgan Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatni ushbu davlatni yakkalab qo‘ymaslikka, balki inklyuziv muloqot orqali hamkorlikka jalb qilishga chaqirdi. O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda faol va amaliy ishtirokini yana bir bor tasdiqlovchi ushbu chaqiriq BMT minbari orqali berilgan muhim diplomatik signal bo‘ldi.
Iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika inqirozi va terrorizmga qarshi kurash Shavkat Mirziyoyev nutqining kulminatsion nuqtasi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, bu muammolarni biror-bir davlat yoki mintaqa alohida hal qilishi mumkin emas. Bunga faqatgina global birdamlik va hamjihatlik orqali yechim topiladi.
Shu ma’noda “Global ta’lim forumi”, “Iqlim o‘zgarishiga qarshi Markaziy Osiyo forumi” hamda “Islom sivilizatsiyasi va tolerantlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyalarni o‘tkazish takliflari, ayniqsa e’tiborga molik. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi intellektual va madaniy maydondagi ta’sirini kengaytirishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining BMT minbaridan so‘zlagan nutqi oddiy diplomatik chiqish emas, balki muvaffaqiyatli islohotlar natijasida xalqaro nufuzini mustahkamlayotgan, global siyosiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsata oladigan davlat pozitsiyasining ifodasi bo‘ldi.
BMTning 80-yubiley sessiyasidagi ishtirok O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Mamlakatimiz nafaqat o‘z hududida, balki butun mintaqada va hatto global darajada tinchlik, taraqqiyot va adolat sari dadil harakat qilayotgan faol ishtirokchiga aylanmoqda.
Nargiza ABDULLAYeVA,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.