“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Italiyadan birinchi “vizasiz” sayyohni kutib oldi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Milan — Toshkent yo‘nalishi qatnovida poytaxtimizga vizasiz tashrif buyurgan ilk sayyoh uchib keldi. Bu haqda Milliy aviakompaniya Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va yaponiyalik fuqarolar uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etilgan edi. Mazkur ro‘yxatga mart oyida Tojikiston, oktyabrda Fransiya kiritiladi. 2019 yil 1 fevraldan esa, mamlakat hududiga kirgan kunidan boshlab 30 kunlik muddatga vizasiz rejim yana 45 ta davlat fuqarolari uchun amalga kiritildi. Ushbu ro‘yxatda Italiya Respublikasi ham bor.

Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida birinchi “vizasiz” sayyohni Milliy aviakompaniya hamda poytaxt aeroporti vakillari esdalik sovg‘alari va aviakompaniyaning reklama mahsulotlari bilan kutib olishdi.

Mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurgan italiyalik mehmon Giglio Massimo bir haftalik safari davomida poytaxtning diqqatga sazovor barcha maskaniga tashrif buyurib, mintaqamiz boy tarixiga chuqurroq nazar tashlashni rejalashtirmoqda. U O‘zbekiston hamda uning qadimiy tarixi haqida ko‘p eshitganligi va vizasiz rejim joriy etilganini bilganidan so‘ng hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga qaror qilganini aytdi.

Manba: Xs.uz