O‘zbekiston mehnat bozorida 13,6 million kishi ish bilan ta’minlangan
Bugun O‘zbekiston mehnat bozorida 13,6 million kishi band bo‘lib, ulardan 5,6 millioni rasmiy va 7,9 millioni norasmiy sektorda, jumladan, 2,6 million kishi mehnat migranti sifatida mehnat qilmoqda, deyiladi “Mehnat vazirligi” telegram kanalida.
Norasmiy sektordagi bandlik ko‘rsatkichi sekin-asta kamayib, rasmiy sektorga o‘tilmoqda. Mustaqillik yillari davomida bu yil birinchi marta rasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 300 mingdan ortdi.
Mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari o‘rtasida 2017 yil 5 aprelda tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan endilikda ushbu tarmoqni yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan.
Xususan, 2020 yilda Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk o‘lkasi, Tatariston Respublikasi, Astraxan, Rostov, Leningrad, Novosibirsk viloyatlari bilan bandlik va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik kelishuvlarini imzolash va birgalikda qator tadbirlarni o‘tkazish kutilmoqda.
Bu haqda Buxoro viloyatida O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari hamkorligida mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlar masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov aytib o‘tdi.
"Tartibli mehnat migratsiyasi bu biror davlatga ishni naqd qilib, ish joyi va ish beruvchi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lib borish demakdir. Afsuski, mazkur jarayonni to‘laligicha tartibga solish juda murakkab. Bu borada bizda tayyor mexanizmlar yo‘q. Uni birgalikda yaratamiz", deya ta’kidladi Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati rahbari Mixail Ivankov.