O‘zbekiston xavfsiz turizm bo‘yicha dunyoda 46, MDHda 1-o‘rinni egalladi

Mazkur reyting Fransiyaning “Insurly” portalida e’lon qilingan. Reytingni tuzishda tabiiy ofat ehtimoli, sog‘liqni saqlash darajasi, jinoyatchilik bo‘yicha ahvol, jumladan, terrorchilik va transport hodisalari ham hisobga olingan.

2020 yilda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 1-o‘rin 100 ballik imkoniyatdan 93,4 ball olgan Shveysariyaga berildi. Ikkinchi o‘ringa 92,7 ball bilan Singapur loyiq ko‘rildi. Uchinchi o‘rinni Norvegiya 91,1 ball bilan egallagan.

Sayyohlar uchun eng xavfsiz mamlakatlar o‘ntaligiga Lyuksemburg, Kipr, Islandiya, Daniya, Portugaliya, Finlyandiya va Yaponiya ham kiritildi.

O‘zbekiston ushbu reytingda 70,3 ball olib 46-o‘rinni egallagan. Reyting tuzuvchilarning fikricha, turistlar uchun eng katta xavf, bu tabiiy ofatlardir. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonga atigi 25 ball berildi. Ammo O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi yuqori darajadaligi qayd etildi va 81 ball berildi.

Shuningdek, portalda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda sayyohlarga terrorchilik tahdidi umuman yo‘q.

Reytingdagi 46-o‘rin O‘zbekistonni MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘ringa olib chiqdi.

Ro‘yxatda O‘zbekistondan keyingi o‘rinlar qo‘yidagicha bo‘ldi: Belarus (48-o‘rin), Ozarbayjon (52), Turkmaniston (60), Moldova (66), Gruziya (68), Qozog‘iston (71), Armaniston (72), Ukraina (83), Rossiya (86), Tojikiston (93), Qirg‘iziston (106) egalladi.