O‘zbekistonda xavfsiz turizm standartlari joriy qilinadi

Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish ob’yektlaridagi sanitar sharoitlarni o‘rganish va ularning xavfsiz faoliyat yuritishga tayyorgarligini tekshirish maqsadlarida Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga muvofiq ishchi guruh tashkil etilib, uning tarkibiga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa vazirlik, idora, jamoat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) kiritildi. 11-16 may kunlari ishchi guruh tomonidan mehmonxonalar, markaziy avtovokzal, markaziy temir yo‘l vokzali hamda Toshkent xalqaro aeroporti kabi infratuzilmalar holatining dastlabki monitoringi o‘tkazildi.

Ob’yektlar ishchi guruh vakillari tomonidan ko‘zdan kechirilib, personal bilan sayyohlar tashrifi, vaqtincha mamlakatimizda bo‘lishi va ularning jo‘nab ketishi bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, mehmonlar xavfsizligiga oid ba’zi kamchiliklar aniqlandi. Ishchi guruh mutaxassislari tomonidan ularni bartaraf qilish va turli ob’yektlarda sanitar xavfsizlik normalarini ishlab chiqishda jamoaviy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tegishli ko‘rsatmalar va tavsiyalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan joylashtirish vositalari uchun yangi sanitar normalar loyihasi tayyorlanmoqda. Barcha turistik ob’yektlarni sanitar xavfsizlik vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. O‘zbekistonning turizm sohasidagi sanitar xavfsizligini aprobatsiya qilish uchun sinov tizimini joriy etish maqsadida har bir hududdagi ob’yektlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Bundan tashqari, Ecolab (AQSh), Dıversey (Turkiya), Saraya (Yaponiya) va boshqa yirik sanitar-gigiyenik vositalar yetkazib beruvchilar, inshootlarni xavfsizlantiruvchi protokollar va turli darajadagi mezonlar ishlab chiquvchilari bilan muzokaralar o‘tkazish kutilmoqda.

Maqsad sanitar ishlov berish va gigiyenaga doir xalqaro mezonlarni tatbiq qilish, shuningdek, sayyohlar harakatlanishining barcha bosqichlarida tegishli vositalarni yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganishdan iboratdir. Shu bilan birga, mahsulotlarni O‘zbekistonga keltirish jarayonlari bilan bog‘liq masalalar va ularning muddatlari, turistik biznes vakillari uchun chegirmalar taqdim etish, mavjud mezonlar bo‘yicha hududlar kesimida ham sertifikatsiya o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ayni damda Ishchi guruh tomonidan O‘zbekistonda xavfsiz turizm standartlarini joriy qilish va sertifikatlashga oid zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.