O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi nizoli hududlardan fuqarolarini yana olib keladi

O‘zbekistonning BMT va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov 7 iyun kuni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Yevrosiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Patrik Vial bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar berdi, deb yozmoqda human.uz.

Patrik Vial Shavkat Mirziyoyevning Suriyadan 156 nafar fuqaroni O‘zbekistonga qaytargani qo‘mita tomonidan ijobiy qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u Yaqin Sharqdagi lagerlarda odamlar qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirishidan qo‘mita xabardor ekanini ham aytdi.

Uchrashuv yakunida qo‘mita O‘zbekistonga nizoli hududlardan fuqarolarni qaytarishda hamkorlik ishlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, qo‘mita O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar bilan ishlaydigan mahalliy psixologlarning malakasini oshiruvchi treninglar o‘tib berishda ham yordam berishini aytgan.

Avvalroq YuNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann tashkilot O‘zbekistonga Iroq va Suriyadagi bolalarning barini qaytarishga yordam berishini ta’kidlagan edi.