O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tugatildimi?
O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgandan keyin bu savol ko‘pchilikni qiziqtirdi.
Lekin O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qayta tashkil etilib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. To‘g‘ri, vazifalari qisqartirildi. Ya’ni, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlar bilan tizimli ishlash, yosh oilalarning uy-joy bilan ta’minlanishiga yordam berish bilan shug‘ullanadi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan va oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talaba-yoshlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, eng faol yoshlarni oliy ta’lim muassasasiga tavsiya etadi. Shuningdek, adashib jinoyatga qo‘l urgan yoshlarni kafillikka olib, ularning to‘g‘ri yo‘l topishiga ko‘maklashadi.
Ittifoq qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Adashgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi
Yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash bo‘yicha 2017 yil 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida memorandum imzolangan.
- Ushbu hujjatga asosan o‘tgan 3 yil davomida viloyatimizda 105 nafar yosh Kengash kafilligiga olindi, - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi huquqshunosi G‘.Axtamov. - Bu yoshlar bilan bir yillik individual dastur tuzilib, ular yil davomida qat’iy nazoratda bo‘lmoqda. Bugungi kungacha tuzilgan individual dastur bajarilganligi sababli kafillikka olingan yoshlarning 99 nafari hisobdan chiqarildi.
“Kontrakt puli”ning bir qismini
ittifoq to‘lab berdi
Shu paytgacha muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida faol, o‘rtacha o‘zlashtirishi 71 foiz va undan yuqori bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tamagan bo‘lsa-da tizimda faol, o‘zlashtirish ballari 86 foizdan yuqori bo‘lgan talabalarga, shuningdek, imkoniyati cheklangan, nogiron yoshlar uchun to‘lov-shartnoma pulining 35-50 foizi tashkilot tomonidan to‘lab berilardi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qayta tashkil etilgach, Markaziy Kengashning 2020 yil 25 avgustdagi qarori asosida faqat muddatli harbiy xizmatni o‘tab, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchungina bu to‘lov amalga oshirilishi ustuvor vazifa etib belgilandi.
Avval, ya’ni 2019-2020 o‘quv yilida harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 417 nafar yigitga yillik to‘lov-shartnoma puli miqdorining 35 foizi ittifoq tomonidan to‘lab berildi.
- Harbiy xizmatni o‘tab, maxsus tavsiyanoma bilan qaytdim, - deydi Shehroz Shakamanov. – Samarqand davlat universitetiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Bir yillik “kontrakt puli”ning 35 foizi ittifoq tomonidan to‘lab berildi.
Yoshlar ishlari agentligi – yanada keng imkoniyat
Yoshlar ishlari agentligi yoshlar siyosati sohasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi tashkilotdir. Mazkur agentlik mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil 30 iyun kuni tashkil etildi.
Mazkur davlat boshqaruv organi yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishlardagi salohiyatini oshirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshiradi.
Bugungi kunda tashkilotning asosiy vazifalaridan biri ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Endi ishsizlar ro‘yxati qog‘ozda qolib ketmaydi
Prezident tashabbusi bilan yoshlar orasida ishsizlik muammosiga yechim topish uchun yangicha tizim joriy etildi. Xususan, band bo‘lmagan yigit-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilmoqda. Ro‘yxat qog‘ozda qolib ketmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
- Shu paytga qadar ishchi guruhlar tomonidan viloyatimizdagi 1097 mahalladagi 492 ming 45 xonadonda xatlov o‘tkazildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Natijada 640 ming 112 nafar yosh anketa to‘ldirdi. Shundan 520 mingga yaqin yoshlarning ro‘yxati elektron bazaga kiritish maqsadida shakllantirildi. Ishtixon tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida xatlov namunali tarzda o‘tkazilib, to‘liq yakuniga yetkazildi. Qolgan tuman va shaharlarda jarayon davom etmoqda. Ro‘yxatga kiritilgan har bir yoshning bandligi ta’minlanib, dastlabki 6 oylik ish faoliyati qat’iy nazoratda bo‘ladi. Xatlov jarayoni bo‘yicha tashkil etilgan shtablar faoliyati har hafta viloyat hokimi rahbarligida tanqidiy muhokama qilinmoqda.
Samarqandda huquqiy maslahat klinikasi yo‘q
Huquqiy maslahat klinikasi faoliyatini yuritish Yoshlar ishlari agentligi va viloyat adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladigan loyihadir. Bu yoshlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy-siyosiy-huquqiy bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan.
- Bugungi kunda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yoshlar uchun huquqiy maslahat klinikalari namuna tarzida tashkil etilgan, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘ofirjon Bobobekov. – Samarqandda bu klinika yo‘q, ammo ochish rejalashtirilgan. Hozircha boshqarmamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida qabul qilingan barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘zida jamlagan to‘plam tayyorlandi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga joylandi. Shuningdek, joriy yilning 3 dekabridan boshlab viloyat hokimligi bilan hamkorlikda yoshlar murojaatlarini qabul qilish va ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish maqsadida @samyoshbot telegram manzilini ishga tushirdik. Shu paytgacha 300 ga yaqin murojaat kelib tushdi va har birining yechimi viloyat hokimi rahbarligida nazoratga olingan.
Demak, yoshlarning huquqiy bilimini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish, hayotda o‘z yo‘llarini topishlari uchun har tomonlama ko‘maklashish maqsadida bir emas ikki tashkilot faoliyat olib bormoqda. Yosh yigit-qizlarimizdan esa, mavjud imkoniyatlardan, haq-huquqlaridan samarali foydalanish, o‘qish, izlanish, o‘z ustida ishlash, jamiyat hayotida faol bo‘lish talab etiladi.
To‘lqin Siddiqov.