O‘zbekistonda 5G tarmoqlarini qurish taklif etilibdi: Bu shunchaki kulgili holat emasmi?
Qiziq, judayam qiziq! AKT vazirligi O‘zbekistonda 5G tarmoqlarini qurish bo‘yicha takliflar so‘rabdi.
AKT Vazirligi O‘zbekistondagi operatorlar, provayderlar va telekommunikatsiya uskunalari ta’minotchilaridan 5G tarmoqlarini qurish bo‘yicha takliflar taqdim etishlarini so‘rab murojaat qilibdi. Bu haqda matbuot xizmati xabar berayapti.
Bu xabarni o‘qib kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmayapman.
Ko‘cha tilida yoza qolay-a? Aynan hozir mobil aloqa va internet xizmati masalasida biz bir tarafi yirtiq va yana bir tarafiga yamoq solingan libosimiz bilan ibtidoiy davrlarda yuribmiz. Mamlakatimizning istalgan hududidagi aholi punktiga borib ko‘ring, insof qilishgan bo‘lsa o‘sha aholi punktida o‘rnatilgan antennalarda 3G bor. Agar insof qilishmagan bo‘lishsa o‘sha aholi punkti 2G da yuribdi.
Endi siz o‘sha aholi punktidan xohlagan tomoningizga chiqing, albatta xohlagan tomoningizga chiqa olmaysiz, yo‘l bo‘ylab chiqasiz. Chiqqaningiz zahoti na 2G na 3G va na aloqa uchun antennaning o‘zi qolmaydi. Endi, shu ahvolda 5G ni bular qayerga o‘rnatishadi? Albatta avvalambor poytaxtimiz Toshkentjonga, so‘ngra viloyat markazlari bo‘lmish yirik shaharlarga o‘rnatishadi. Siz esa buyoqda har doimgiday "bir kelib keting, qishlog‘imizga" deb xonish qilib, yo‘g‘eye, yig‘lab qolaverasiz.
Aytishingiz mumkin, "qishloqlarda aholi siyrak yashaydi, shuning uchun hadeb antenna quraversa, unga 3G o‘rnataversa xarajat oshib ketadi", deb. Ammo shunday bo‘lsa hech bo‘lmasa aholi tiqilinch yashaydigan hududlardagi internet va aloqa sifatini yaxshilab berishsin.
Yoki yo‘llarchi. Yo‘llarda aholi yashaydimi, yashamaydimi farqi yo‘q, sifatli internet va aloqa xizmati bo‘lishi shart. Nafaqat sayyohlar uchun, o‘zbekistonliklar uchun ham. Ammo, aksariyat katta yo‘llarda internet va aloqa xizmati yomon emas, juda yomon.
Oxirgi bir oyni ichida Buxoroga bordim, G‘uzorga bordim. Yo‘llarda internet va aloqa xizmati juda yomon. Endi shu holda 5G haqida gapirishga hali biroz ertada.
Oldin aksariyat joylarda aloqa sifatini yaxshilaylik. So‘ng ularga kamida 3G aloqa xizmatini joriy qilib internet sifatini yaxshilaylik. Ana undan keyin bilganlaringni qilinglar. Hozirgi holatda esa 5G dan gapirish shunchaki kulguli, shunchaki sharmandali holat.
G‘ayrat Yo‘ldosh.