O‘zbekistonda Amir Temur universiteti bormi?
Tarixdan ma’lumki, qaysi hukmdor toju taxtni meros yo‘li bilan emas, o‘z sa’y-harakati, jasurligi, shijoati bilan egallagan bo‘lsa, uning faoliyatiga alohida qiziqish bilan qaralgan. Amir Temur aynan shunday hukmdorlar sirasiga kiradi. Oddiy bekning o‘g‘li bo‘lgan Temur o‘z shijoati bilan Movarounnahr taxtini qo‘lga kiritib, 36 yil hukmdorlik qildi.
Amir Temurning o‘tganiga qariyb yetti asr to‘layotgan bo‘lsa-da, bu ulug‘ zotning faoliyatiga bo‘lgan qiziqish ortsa ortdiki, aslo kamaygan emas. Har bir davrning hukmdorlari, elchilari, siyosatdonlari, olimlari va oddiy odamlari sarg‘aygan sahifalarni sinchiklab o‘qib, ulug‘ bobomiz haqida yangi ma’lumotlar axtaradi.
Amir Temur faoliyatiga haqqoniy baho berish uchun XIII-XV asrlar tarixiy manzarasiga nazar tashlash lozim. Mo‘g‘ul hukmdori Temuchin-Chingizxon qo‘shinlari obod Movarounnahrga bostirib kirdi, gullab-yashnagan shahar va qishloqlarning kulini ko‘kka sovurdi. Bu yurtning ne-ne botirlari yov bilan janglarda qurbon bo‘ldi. Movarounnahrdagi davlatchilik, qonun-qoidalar yo‘q qilindi. Masjid, madrasalar yondirilib, muqaddas diniy va ilmiy kitoblar mo‘g‘ul otlarining tuyoqlari ostiga tashlandi. Mo‘g‘ul xonlari o‘rtasidagi taxt talashishlar, o‘zaro nizolar, siyosiy tarqoqliq, og‘ir soliqlar xalqning tinka-madorini quritdi.
Movarounnahr endi hech qachon tiklanmaydigandek edi go‘yo... Bu yurtni, xalqning qaddini tiklash, ularni dunyoning eng ilg‘or xalqiga aylantirish uchun favqulodda ilohiy qudratga ega shaxs kerak edi. Bu shaxs Amir Temur siymosida namoyon bo‘ldi.
Sohibqiron hukmronlik qilgan 36 yil yurtimiz tarixidagi eng yorqin sahifa sifatida abadiy muhrlanib qoldi... Amir Temur o‘ttiz olti yillik imkonida nafaqat Movarounnahr xalqining yuragidan qullik asoratlarini yulib tashladi, balki uning qaddi-g‘ururini ko‘tarib, dunyoning eng qudratli, madaniyatli xalqiga aylantirdi.
Ha, bu insoniyat tarixida juda kam kuzatilgan mo‘’jiza edi. Shu mo‘’jiza tufayli jahon xalqlari Amir Temur shaxsini xurmat qiladi, dunyoning ko‘plab xalqlari hamon o‘z farzandlariga Temur ismini qo‘yadi. Sohibqiron o‘tganidan buyon Sharq va G‘arb yozuvchilari, olimlari tomonidan tom-tom badiiy, ilmiy, sahna va musiqali asarlar yaratildi. Albatta, bu asarlarda Amir Temur shaxsiga munosabat turlicha. Ularning ko‘pchiligida Amir Temurning buyuk bunyodkorlik faoliyati, zafarli yurishlari, siyosati ko‘klarga ko‘tarilgan bo‘lsa, ayrimlarida tuhmat toshlari yog‘dirilgan.
Amir Temur va temuriylarning Movarounnahrda hukmdorlik qilib, ko‘plab bunyodkorliklarni amalga oshirganidan ozmi-ko‘pmi xabardormiz. Ammo temuriylarning boshqa mamlakatlarda qoldirgan boy va rang-barang merosi haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz.
XIX asrning 60-yillarida Rossiya imperiyasi Turkistondagi uch mustaqil xonlikni istilo qilishni boshlaydi. 1868 yilning may oyida Rossiya imperiyasining generali fon Kaufman tomonidan Samarqand shahri istilo qilinadi. General fon Kaufman o‘z hukmdori Aleksandr II ga “Sizning g‘olib qo‘shinlaringiz Amir Temurning poytaxti, o‘zining tarixiy shon-shuhrati bilan mashhur Samarqand shahrini istilo qildi”, deb xushxabar yo‘llagan.
Oq podsho istilosi davrida Amir Temur haqida ba’zi rus ziyolilari, harbiylari anchayin haqqoniy, juyali fikrlarni yozgan. Ayrim rus harbiylari Sohibqironning urushda qo‘llagan strategiyalari haqida kitoblar bitgan.
Oq podsho taxtini bolsheviklar egallagach, Amir Temur haqida faqat salbiy fikrlar berildi, uni “qonxo‘r”, “bosqinchi”, “zolim” deb ta’riflash avj oldi. «SSSR xalqlari tarixi» darsligidan «Temur davlati» degan yirik bob chiqarib tashlandi.
Ma’lumki, Amir Temur va uning piri, o‘g‘illari va nabiralari Sohibqiron saltanatining poytaxti Samarqand shahrida abadiy uyquda yotibdi. Ayrim jahongirlar, jumladan, Chingizxonning qabri qayerda ekani no’malum. Chingizxon qabri ataylab yashirilgan. Chunki u o‘zi bosib olgan joylarda avval o‘tgan hukmdorlarning qabrlarini ochtirib, jasadini yerdan chiqarib tashlattirgan. Shu sababli u kelgusi avlodlar undan o‘ch olishidan qo‘rqib, qabrini yashirishni vasiyat qilgan. Amir Temur esa qadami yetgan joylarda hukmdorlarning, olimu-ulamolarning, aziz kishilarning qabrlari ustiga maqbaralar qurdirgan, atrofini obod qildirgan. Shu sababli keyingi avlodlar Amir Temur maqbarasiga nisbatan hurmatsizlik qilmagan. Temuriylardan so‘ng Movarounnahr va Xuroson taxtini egallagan Shayboniylar ham Sohibqiron davrida barpo qilingan biror-bir inshootga ziyon-zahmat yetkazmagan. Amir Temurning keyingi avlodlari uzoqlarda bo‘lishlariga qaramay, buyuk bobokaloni xotirasini e’zozlagan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, boburiy hukmdor Shoh Jahonning uchinchi o‘g‘li, Hindiston xukmdori Avrangzeb buyuk bobokaloni Amir Temur ruhini shod qilish uchun Hindistondan katta mablag‘ jo‘natib, Sohibqiron maqbarasini ta’mirlatgan, maqbara qorilari va xizmatchilariga nafaqa berdirgan.
Eron xukmdori Nodirshoh 1740 yilda Buxoro amirligiga yurish qilib, bu yurtni talaydi. So‘ngra Samarqandga odamlarini jo‘natib, Amir Temur qabriga nabirasi Mirzo Ulug‘bek tomonidan qo‘yilgan mohtab (nefrit) toshini va Amir Temur jome’ masjidiga o‘rnatilgan yetti xil metall qorishmasidan quyilgan ajoyib darvozani Eronning Mashhad shahrida o‘zi uchun qurilayotgan maqbaraga qo‘yish uchun olib ketadi. Oradan ozgina vaqt o‘tib Nodirshoh Amir Temur haqiga Qur’on tilovat qilib, bu ikki noyob buyumni Samarqandga eltib o‘z joyiga qayta o‘rnatishni buyuradi. Rivoyatlarga qaraganda, bu ikki noyob buyum – mohtob va darvoza Mashhadga yetib borgach, u yerda qattiq zilzila bo‘ladi. Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, Nodirshohning suyukli qizi og‘ir kasal bo‘lib qoladi. Munajjimlar Nodirshohga “Siz Amir Temurning ruhini bezovta qilgansiz, shu sababli qizingiz kasal bo‘lgan”, degan. Nima bo‘lganda ham Nodirshoh o‘zining noma’qul ishidan pushaymon bo‘lib, mohtob va darvozani Samarqandga qaytargan. Amir Temur kelgusi avlodlari uning qabrini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashlariga qattiq ishongan. Afsuski, tarix hukmi boshqacha bo‘ldi. 1941 yilda Amir Temur qabri ochilib, ruhi bezovta qilindi.
Temuriylar xilxonasi ochilganidan so‘ng yana bir ayanchli haqiqat ayon bo‘ldi. Barcha qabrlarning tagida loyqa bor, archadan yasalgan tobutlar va ular ichidagi jasadlar mo‘miyolangan bo‘lishiga qaramay chirigan. Tarixdan ma’lumki, maqbaraga suv shu atrofda qazilgan ariqdan toshib kirgan. Aniqrog‘i, XIX asrning 80-yillarida Oq podsho amaldorlari go‘yoki bog‘ qilish uchun boshqa yer qurib qolganday, maqbara atrofida bog‘ barpo qildirgan. O‘sha davrlarda maqbarani ikki marta suv bosgan...
O‘tgan yili Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov rahbarligida bir guruh samarqandlik olimlar Turkiyaning Anqara shahriga, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va ilm-faniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga bordik. Konferensiya Yildirim Boyazid universitetida bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada o‘zbek va turk olimlari O‘zbekiston tarixi, san’ati va madaniyati, jumladan, Amir Temur va temuriylar davri haqida ilmiy ma’ruzalar qildi. Konferensiyadan so‘ng mezbonlar bizni Anqara shahridan 40 kilometr narida joylashgan Chubek tumaniga olib bordi. U yerda 1402 yilda Amir Temur va Yildirim Boyazid qo‘shinlari o‘rtasida jang bo‘lgan. Ushbu maydon tep-tekis bo‘lib, atrofi bir oz balandroq tepalik bilan o‘ralgan. Chubek tumanining markazida mo‘’jazgina muzey barpo qilingan. Muzeyda Amir Temur bilan Boyazid o‘rtasidagi jangga bag‘ishlangan maket ham qo‘yilgan.
Bizni Chubek tumani hokimi qabul qildi. Hokim janoblari “Bu ko‘hna tarixda nimalar bo‘lmagan deysiz. Bir vaqtlar ikki turk xukmdori bir biri bilan jang qilgan. Bugun Chubekda shu ikki xukmdorning avlodlari uchrashib turibdi. Ular o‘zaro do‘stlikni yanada mustahkamlash uchun yig‘ilgan. Kelinglar, mana shu tarixiy maydonda do‘stlik bog‘ini barpo qilaylik”, dedi. Shundan keyin Chubek maydonida o‘zbek va turk olimlari daraxt ekdilar. Turkiya va Yangi O‘zbekiston do‘stlik bog‘iga asos solindi. Bu bog‘ xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Turk do‘stlarimiz “Ko‘rdilaring, Anqarada Yildirim Boyazid universiteti bor, O‘zbekistonda Amir Temur universiteti bormi?” deb so‘radi. Biz bir oz taraddudlanib, Olloh nasib etsa bo‘ladi, dedik. Darhaqiqat, kishini o‘ylantiradigan savol edi. Mag‘lub hukmdor universiteti bor, g‘olib hukmdor universiteti yo‘q.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 21 aprelda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida ulug‘ ajdodlarimiz merosini o‘rganish haqida gapirib, bunday dedi: “Biz nima uchun Amir Temur bobomizning mudofaa merosini ilmiy asoslar bilan o‘rganmaymiz?
Sohibqironning To‘xtamishxon bilan jangini o‘qib chiqdim. Buyuk sarkardamiz qanday g‘alaba qozongani menga juda qiziq edi. To‘xtamish ham osonlikcha yutqazmagan ekan, bunda Amir Temur bobomizning yuksak harbiy taktika va strategiyasi, dovyurakligi ish bergan. O‘zimga ham yozib oldim, Amir Temur bobomiz jangda 7 ta usulni qo‘llagan ekan.
To‘xtamishxon ham oddiy raqib bo‘lmagan, juda katta va mohir qo‘shini bo‘lgan. Bu jang taktikasini o‘rgandim va mutasaddilardan so‘radim: Kimdir bizdan mana shu janglardagi strategiyani o‘rganganmi? Yo‘q, o‘rganmagan.
Hammasiga topshiriq berdim – biz birinchi navbatda, o‘zimizning bobolarimiz tarixini o‘rganishimiz kerak”.
Demak, mamlakatimizda Amir Temur universiteti, Amir Temur nomidagi universitet emas, aynan Amir Temur universiteti tashkil qilinsa, ayni muddao bo‘lardi. Bu ilm dargohida Amir Temur va temuriylarning keng qamrovli faoliyati, ilm-fan, adabiyot va san’at, madaniyat va ma’naviyatni, falsafa va harbiy san’atni rivojlantirish borasidagi buyuk xizmatlari har tomonlama o‘rganilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Buyuk davlat arboblarining taqdiri ularning vatani taqdiri bilan chambarchas bog‘liq. Agar ularning vatani ozod bo‘lsa, bu o‘tgan davlat arboblarining siymosida ham ijobiy holat yuz beradi. Buyuklarning vatani mustamlakaga aylanib qolgan bo‘lsa, bosqinchilar ularning nomini xalqning yodidan o‘chirish choralarini ko‘radi.
Amir Temur Vatani mustamlakaga aylangan davrlarda ul zot haqida biror-bir ijobiy gap aytishning iloji yo‘q edi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Amir Temur qadr-qimmati tiklandi, buyuk xizmatlari e’tirof qilindi.
Amir Temurning pok nomini, qadrini tiklash oson kechgani yo‘q. Kompartiya tarbiyalagan ayrim o‘zbek ziyolilari ham Amir Temurning nomi tiklanishini xohlamas edi. Bir misol, o‘tgan asrning 90-yillarida men Samarqand viloyati toponimik komissiyasi a’zosi edim. Biz komissiya a’zolariga Amir Temurning buyuk xizmatlarini qayta-qayta tushuntirib, Samarqandning Frunze ko‘chasini Amir Temur ko‘chasi deb o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldik.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, viloyat toponomik komissiyasiga “Biz qonxo‘r Amir Temur nomidagi ko‘chada yashamaymiz, avvalgi Frunze nomini qaytaring”, degan mazmunda xatlar yog‘ildi. Bu xatlarni ayrim kimsalar ataylab uyushtirayotgani aniq edi.
Viloyat toponimik komissiyasi raisi bizni xonasiga chaqirib, “Nega odamlarning tinchini buzyapsizlar, nega Frunze ko‘chasini Amir Temur ko‘chasi, deb o‘zgartirishga jur’at qildilaring”, deb o‘shqirdi. Shunday kunlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Bizga o‘shqirgan rahbar Amir Temurga bag‘ishlangan tadbirlarda yelib-yugurib xizmat qildi.
Tarixdan ma’lumki, Amir Temur Samarqandni o‘z saltanatining poytaxti etib tanlagach, 1371-1373 yillarda shahar atrofini mustahkam mudofaa devori bilan o‘ragan. Shaharning g‘arb tomonidagi baland joyda Arki a’loga asos solgan. O‘ttiz to‘rt gektarlik maydonning ichida Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy kabi ikki hashamatli saroy, zodagonlar uchun turar joylar, hunarmandlar ustaxonalari, yirik hammom qurilgan. Ark ichida bir necha hovuzlar qazilgan, har xil mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekilgan. Ark ichiga toza ichimlik suvi maxsus quvurlar orqali kiritilgan, oqova suvlar ham sopol quvurlar orqali tashqariga chiqarilgan. Arkning ichiga janubiy va sharqiy darvozalar orqali kirilgan. Arkning mustahkam mudofaa devorlari ortidan chuqur xandaq ham qazilgan. Shu tufayli Ark mustahkam qal’a hisoblangan. To‘rt qavatli Ko‘ksaroyda Amir Temurning taxti, kutubxonasi va xazinasi saqlangan. Arkning ichida Shayx Nuriddin Basir, Faxr ul islom Ali Pozdaviy, Shayx Abdurahmon ibn al-Avf kabi aziz-avliyolarning qabrlari bo‘lgan. 1812 yilda Buxoro amiri Haydar Ark ichiga hashamatli Oliy madrasa qurdirgan. Oq podsho askarlari 1868 yilning may oyida Samarqandni istilo qilib, Amir Temurning Arkiga kirib joylashadi. Oq podsho generallari bu yerdagi aziz-avliyolarning qabrlarini portlatib yuboradi. Arki a’lo avval Oq podsho, so‘ngra qizillar qo‘shini istiqomat qiladigan harbiy qismga aylantiriladi. Hozir Samarqandga kelgan biron sayyoh “Amir Temur shunday ulkan davlatni kayerdan turib boshqargan?” deb so‘rasa, uncha-muncha odam mana shu yerdan deb Arki a’loning o‘rnini ko‘rsatib bera olmaydi. Negaki, bu yerda Amir Temurning Arkidan nom-nishon qolmagan.
Fikrimcha, bu yerda keng ko‘lamli arxeologik qazishmalar olib borilishi lozim. Bir paytlar Amir Temur Ark atrofiga barpo qildirgan mudofaa devorini qayta tiklash kerak. Amir Temur davri me’morlari “Yuksak imoratlar barpo qilish uchun chuqur poydevor qazmoq lozim”, degan tamoyil asosida Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroyni bunyod qilgan. Agar bu yerda qazishmalar olib borilsa, har ikki saroyning saqlangan poydevorlari topiladi. Shunda Amir Temur barpo qilgan Arki a’loning tarixiy qiyofasidan, ozgina bo‘lsa-da, xabardor bo‘lamiz va boshqalarga ham ko‘rsatish imkoniyati yuzaga keladi.
Mamlakatimizning tarixiy shaharlari bilan bog‘liq yana bir muammo borki, bunga alohida to‘xtalmoq lozim. Bu sayyohlarga yurtimizning boy tarixi, xalqimizning milliy an’ana va marosimlari haqida so‘zlab beradigan gid-ekskursovodlar masalasidir. To‘g‘ri, savodli, fidoyi, vatanparvar, o‘z kasbining mohirlari bo‘lgan gidlar ko‘p. Ammo sayyohlarga to‘laqonli ma’lumot berishga qodir bo‘lmaganlari ham kam emas. Bu muammo to‘g‘risida ko‘p gapiriladi, turli rejalar qilinadi, ammo hali natijani quvonarli, deb bo‘lmaydi. Biz bilan uzoq yillar arxeologiya sohasida hamkorlik qilgan, Sharq xalqlari tarixini chuqur biladigan, yurtimizga sovet davrida ham bir necha marta kelgan italiyalik professor Mauritsio Tozi bir kuni kuyunib gapirib qoldi.
– Men O‘zbekistonga juda ko‘p kelganman, – dedi u. – Ammo savodli gidni kam uchratdim. Ular allaqanday cho‘pchaklarni aytishadi. Men-ku O‘zbekiston tarixini sal-pal bilaman. Ammo O‘zbekiston tarixidan butunlay bexabar xorijlik sayyohlar faqat cho‘pchak eshitib ketmoqda. Bunday holatni zudlik bilan o‘nglash kerak.
Mehmonning e’tirozi to‘g‘ri edi.
Parijga xalqaro ilmiy konferensiyaga borganimizda bizni mashhur fransuz arxeologi, professor Frans Grene Luvr muzeyiga olib bordi. Tomosha tugab mehmonxonaga qaytayotganimizda F.Grene bir gapni aytdi: “Luvr muzeyiga ilmiy xodim yoki gid bo‘lib ishga kirish nari tursin, oddiy farrosh bo‘lib ishga kirish ham nufuzli vazirlikdagi mas’ul lavozimni egallashdan mushkulroq”.
Bizda bu sohadagi ahvol kishini xursand qiladigan darajada, deb bo‘lmaydi. Gid-ekskursovod lavozimiga fidoyi, vatanparvar, cho‘ntagini emas, elu yurtining oru-nomusi, sha’nini o‘ylaydigan kishilar qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
1991 yilning may oyida YuNESKO tomonidan uyushtirilgan xalqaro “Buyuk ipak yo‘li – muloqotlar yo‘li” nomli ekspeditsiyada ishtirok etganman. Markaziy Osiyoning besh davlati hududlarini bosib o‘tgan ekspeditsiya juda foydali va qiziqarli bo‘lgan edi. Ekspeditsiyaning safari Qozog‘istonning Olmaota shahrida yakunlandi. O‘shanda men mashhur qozoq arxeologi, Issiq qo‘rg‘onidan “Oltin odam” jasadini topgan Kemal og‘a Akishev bilan uchrashgan edim. Oqsoqol o‘tkir nigohini menga qadab o‘zbekmisan, deb so‘radi. Men “ha” dedim.
– Bolam, senga bir o‘tinchim bor, yaxshilab eshit, – dedi. – Ko‘rib turibsan, keksayib qoldim. Men O‘trorda ancha yillar ishladim. Hokim Berdibekning saroyini topishga erisha olmadim. Bilasan, u yerda 1405 yilda Amir Temur vafot etgan. O‘zbek va qozoq arxeologlari hamkorlikda O‘tror shahri qatlamlaridan Berdibekning saroyi qoldiqlarini topinglar va Amir Temur xotirasiga yodgorlik o‘rnatinglar. Amir Temur nafaqat o‘zbek xalqi, balki qozoq xalqining taraqqiyotida ham katta ishlar qilgan.
O‘sha voqeadan beri 30 yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ne-ne suvlar oqib ketdi. K.Akishev ham bu dunyoni tark etdi. Qozoq arxeologlari shu yillar mobaynida O‘tror shahrining madaniy qatlamlaridan Berdibek saroyi qoldiqlarini topdi. Agar donishmand K.Akishevning vasiyati amalga oshirilib, O‘tror shahrida Amir Temur xotirasiga yodgorlik o‘rnatilsa, o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilar edi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur Samarqanddan chiqib safarga yo‘l olganida, poytaxt aholisi Sohibqiron ketgan tomonga oyoq uzatmas, orqa o‘girmas ekan. Biz buni hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz, buyuk bobomizga hamisha ehtiromda bo‘lishimiz kerak.
Amriddin Berdimurodov,
Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya institutining yetakchi ilmiy
xodimi, tarix fanlari nomzodi, Parijdagi Temuriylar tarixi
assotsiatsiyasi vitse-prezidenti
(“Guliston” jurnalidan)