O‘zbekistonda “Anor” nomli yangi to‘lov tizimi ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Anor” tezkor to‘lovlar tizimini ishlab chiqdi. Ushbu yangi tizim yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘rtasida real vaqt rejimida banklararo pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkonini beradi va 24/7 vaqt davomida (dam olish va bayram kunlari ham tanaffuslarsiz) ishlaydi.

“Anor” tizimi elektron raqamli imzo orqali foydalaniladi. Mazkur tizim Markaziy bank tomonidan 2019 yil oxirida ishlab chiqilib, tajriba tariqasida 2020 yil 18 fevraldan ishga tushirildi hamda “Hamkorbank”, “Trastbank”, “Ipoteka-bank” va “Turkistonbank” kabi tijorat banklarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Dastlabki ikki kun davomida ushbu tizim orqali mingdan ortiq qariyb 20 milliard so‘mlik to‘lovlar amalga oshirildi.

Joriy yilning fevral-mart oylarida respublikamizning boshqa banklari ham bosqichma-bosqich ravishda “Anor” tizimiga ulanadi.