O‘zbekistonda karantinga olingan 84 ming nafardan ortiq fuqaro salomatligi ustida tibbiy nazorat davom etmoqda
Bugun AOKA shtabida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda Bahrom Almatov yurtimizdagi epidemiologik vaziyat yuzasidan muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Respublikamizdagi mavjud laboratoriyalarda shu kunga qadar 78 906 ta namuna COVID-19 koronavirus infeksiyasiga tekshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil qilingan Shtab tomonidan ushbu kasallikning epidemiologik surishtiruv ishlari ELEKTRON TIZIMI yaratilgan bo‘lib, qayd qilingan barcha holatlar elektron dasturga kiritib borilmoqda.
Bemorlar bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar, ushbu kasallik kimdan yuqqan, kimlarga yuqish xavfi bor, shularni o‘rganib, kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Elektron dasturda bemor qayd qilingan kundan boshlab, uning pasport ma’lumotlari, ish joyi, kasallik belgilari dastlab namoyon bo‘lgan kundan boshlab u bilan muloqotda bo‘lgan kishilar ro‘yxati shakllantiriladi.
Oila a’zolari, faoliyati davomida HAYoT MARShRUTI chizib chiqilib, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. Bunda bizga IIV, prokuratura organlari va boshqa xizmatlar yordam bermoqda.
Bugungi kunda epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 84,281 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda.
Ulardan 63 951 nafari uy sharoitida, 21 780 nafar fuqaro 202 ta muassasada statsionar sharoitda karantinga olingan.