O‘zbekistonda kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilandi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov xalqaro tajribadan foydalangan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshirilganini aytdi.

Minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020 yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan.

Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olingan.

So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste’mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (joriy yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.