O‘zbekistonda koronavirus bemori bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlovchi ilova yaratildi
— Odatiy hayotga qaytib, cheklovlar bekor qilinganda kasallik qayta ommaviy tarqalmasligi bo‘yicha O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ushbu savolga Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova javob berdi.
“Vazirlik tashabbusi bilan “Project Managers” korxonasining yosh dasturchilari kasalligi aniqlangan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash jarayonini avtomatlashtirish maqsadida “Birga Yengamiz” nomli mobil ilova yaratdi.
Mazkur mobil ilova Android va iOS qurilmalar uchun mo‘ljallangan.
Ilovaning asosiy vazifasi — bemor bilan oxirgi 14 kun ichida yaqin masofada va muayyan vaqt aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash va zarur xollarda ularni karantinga joylab, virusning yanada keng tarqalishining oldini olishdir.
Oksford universiteti olimlarining ta’kidlashicha, aholining kamida 60 foizi mazkur ilovalardan foydalansagina, u samara beradi.
Hozirda mazkur ilovani “PlayMarket” va “AppStore” platformalarida joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, dedi Abduqunduzova.