O‘zbekistonda korrupsiyani o‘rganadigan birinchi nodavlat notijorat tashkilot ro‘yxat olindi
Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi (“Transparency Uzbekistan”) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalarida ushbu tashkilot “aql markazi” sifatida faoliyatini olib boradi.
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Tollimarjon ko‘chasi, 1/1-uy manzilida joylashgan markaz ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish hamda ular bilan hamkorlik qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Shuningdek, quyidagi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan:
* korrupsiyaning sabab va oqibatlari, u yetkazayotgan zarar, shuningdek, uning oldini olish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish;
* korrupsiya darajasi, davlat hokimiyati institutlariga ishonch darajasi va korrupsiyaga qarshi choralar ta’sirini baholash bo‘yicha o‘rganishlar olib borish;
* davlat organlari faoliyatida shaffoflik, haqqoniylik va halollikni ta’minlash bo‘yicha kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
* O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish hamda qonun ustuvorligi ahvoli haqida muqobil ma’ruzalar tayyorlash va e’lon qilib borish;
* ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash, huquq ustuvorligini ta’minlash sohasida xalqaro standartlarni O‘zbekistonda implementatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanish;
* amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil ekspertizadan o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish.