O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari orasida tamaki mahsulotlari iste’moli tarqalganligi o‘rganiladi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining taxminan 1,7 foizi tamaki chekishni boshlagan, kamida bir marta chekishni sinab ko‘rgan o‘smirlar soni esa 7,7 foizni tashkil qiladi.
O‘zbekiston aholisi orasida xalqaro qabul qilingan standart metodologiya asosida keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkaziladi. Bu «Aholi salomatligi-2030» milliy strategiyasining 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasida belgilangan.
Unga ko‘ra, respublikada HBSC tekshiruvi o‘tkaziladi. Unda maktab yoshidagi bolalar orasida salomatlik sohasida fe’l-atvor o‘rganiladi.
Shuningdek, GYTS tekshiruvi tashkillashtiriladi. U maktab o‘quvchilari orasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning tarqalganligini o‘rganishga qaratilgan.
Bundan tashqari, STEPS tekshiruvi o‘tkazish ham mo‘ljallangan. U katta yoshdagi aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini o‘rganishni nazarda tutadi.
Anemiya (temir moddasi, V12 vitamini yetishmasligi), yod yetishmasligi, foliy kislotasi va A vitamini yetishmasligining tarqalganligi va sabablarini o‘rganish ham rejalashtirilmoqda.
Rejada aholi tomonidan tuz iste’mol qilish darajasini o‘rganish ham belgilangan.