O‘zbekistonda Polsha kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilish mollari ishlab chiqaruvchi yirik zavod quriladi

Shu maqsadda O‘zbekiston elchisi Bahrom Boboyev Polshadagi «Luba Sohn Holding» kompaniyasi rahbari Kshishtof Slabi bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda turar-joylar, binolar va sanoat inshootlarini  termal modernizatsiyalashda qo‘llanadigan ko‘pikli polistirol bloklar (penoplast) hamda butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish masalasi muhokama qilindi.

Polsha kompaniyasi O‘zbekiston qurilish sanoati ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan ushbu qurilish mahsuloti masalasini puxta o‘rganib chiqdi. Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, penoplast zamonaviy ekologik toza va bardoshli qurilish materiali bo‘lib, mukammal issiqlik izolyasiyasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlaydi. Chunki penoplast tarkibida yong‘indan himoya qiluvchi antipiren birikmalar mavjud. Foydalanish muddati 40 yildan ortiq.

Ko‘pikli polistirol bloklaridan foydalanish yo‘nalishlaridan biri bu issiqlik modernizatsiyasidir. Qalinligi 50 dan 200 mm gacha bo‘lgan penoplast bilan uylarni izolyasiyalash natijasida issiqlik yo‘qotilishini bir necha bor kamaytirishga erishiladi. Energiya sarfi sezilarli darajada tejaladi, elektr energiyasi iste’mol xarajatlari 35-40 foizga kamayadi. Misol uchun, Polshada termal modernizatsiya masalalari 90 yillarda ko‘rib chiqilgan va bugungi kunda mamlakatdagi binolarning 90 foizi penoplast bilan qoplangan.

Yangi zavod qurilishi uchun rejalashtirilgan investitsiyalar hajmi taxminan 7-10 million dollarni tashkil etadi. Zavod 300-400 nafar kishini ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, zavod yiliga qalinligi 30 - 200 mm gacha bo‘lgan 300 ming kubometr penoplast va kelajakda unga qo‘shimcha to‘rlar, yelim, poydevor boltlari, ilgaklar, akril suvoq, mog‘or va namlanishga qarshi vositalar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

5 gektar maydonni tashkil etuvchi zavod ishlab chiqarish bo‘limlari, logistika markazi, laboratoriya, tayyor mahsulot omborlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Polsha tomoniga O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va yengilliklar, mamlakat hududlarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston elchixonasi tez orada investitsiya bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida «Luba Sohn Holding» va «O‘zqurilishmateriallari» AJning  mas’ul xodimlari va mutaxassislari ishtirokida videokonferensiya tashkil etadi. Uning natijasida Polsha kompaniyasi delegatsiyasini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.