O‘zbekistonda Telegram’da firibgarlik sxemalari orqali foydalanuvchilarni aldash holatlari kuzatildi
“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabar berishicha, O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkauntlariga kirib olib, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki akkauntni qaytarib berish evaziga mo‘may pul ishlashga urinayotgan mobil firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ma’lum qilgan.
Firibgarlik sxemasiga ko‘ra foydalanuvchiga mobil aloqa operatorining rasmiy raqamidan qo‘ng‘iroq qilinib, COVID-19 koronavirus infeksiyasi haqida o‘ta sodda va javobi oson savollar beriladigan qisqa viktorina o‘tkaziladi. G‘olibga pul o‘tkazib berish va’da qilinadi. “O‘lja” yutug‘ini olishi uchun Telegram’ga kelgan maxfiy kodni aytishi lozim. Messendjerga kelgan sirli raqam aytish, firibgarlarning akkauntga kirib olishiga sharoit yaratadi.
Bloger yoki kanal administratorining akkauntiga kirib olgan firibgar u yerdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik uchun pul talab qila boshlaydi. Oqibatda o‘zini viktorina g‘olibi bo‘ldim deb o‘ylagan foydalanuvchi firibgarlik qurboniga aylanadi.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bu kabi holatlarni oldini olish uchun Telegram’da ikki tomonlama autentifikatsiyani o‘rnatish zarur. Bu Telegram’dan kelgan maxfiy raqamdan tashqari akkaunt parolini ham kirishni so‘raydigan himoya tizimi.
Yuqoridagi holatlarga o‘xshash firibgarlik sxemalari MDHga a’zo boshqa mamlakatlar hududlarida ham kuzatilmoqda.
O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi Telegram foydalanuvchilaridan axborot xavfsizligi bo‘yicha yuqoridagi tavsiyalarga rioya qilishni, telefon orqali begona raqamdan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, shubhali viktorinalar o‘tkazilish holatlari kuzatilganida, messendjer orqali maxfiy kodlar yuborilib, ularni aytish so‘ralganida begonalarga ushbu ma’lumotni oshkor etmaslikni, firibgarlik sxemalaridan ogoh bo‘lishni so‘radi.