O‘zbekistonda «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi

Bu haqda bugun O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ma’lum qilindi.

Avvalroq “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Umidjon Salimov mamlakatimizda nemis konsernining turli brendlariga tegishli bir nechta modellarini ishlab chiqarish imkoniyatini muhokama qilinganini aytgan edi.

Salimovning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning birinchi yo‘nalishida O‘zbekistonda “Volkswagen Amarok” pikaplari yig‘iladi.

"Biz faqat “Amarok” bilan cheklanib qolmaymiz, parallel ravishda “Volkswagen” kompaniyasining boshqa brendlari haqida ham o‘ylab ko‘ramiz", deya ta’kidlagan edi “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi.