O‘zbekistondagi bank xakerlar hujumiga uchradi: jinoiy guruh a’zolari aniqlangan

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bir guruh xalqaro moliyaviy firibgarlar xorijda joylashgan fiktiv merchant xizmatlaridan InfinBank’da ochilgan Visa plastik kartalariga valyuta mablag‘larini o‘tkazib, o‘zlashtirib olgan. Bank ma’muriyati holat yuzasidan ma’lumot berdi

“Joriy yilning 3-5 sentyabr kunlari bir guruh xalqaro moliyaviy firibgarlar xorijda joylashgan fiktiv merchant xizmatlaridan InfinBank’da o‘zlarining jinoiy sheriklari nomiga ochilgan Visa plastik kartalariga valyuta mablag‘larini o‘tkazishga va shu kunlarning o‘zida bankomat tizimlarida naqdlashtirish, boshqa banklarning mobil ilovalari, Humo va Uzcard tizimida ochilgan kartalar vositasida o‘zlashtirishga uringan.

Hozirda jinoiy guruh a’zolari aniqlangan. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Noqonuniy ishlatilgan va o‘zlashtirilgan mablag‘larning bir qismi undirildi va qolgan qismini undirish harakatlari amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda ko‘rsatilgan summalar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Surishtiruv, tergov va undiruv harakatlari yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot va axborotlar beriladi”, — deyiladi bank rasmiy xabarida.