O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni ikki barobar oshdi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan natijalarni o‘rgandi.

Unga ko‘ra, 2017-2022 yillarda O‘zbekistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni deyarli 2 barobar oshgan. Agar 2017 yilda ularning soni 2,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 million nafarga yetdi.

2022 yilda O‘zbekistonga sayyohlar asosan Qozog‘iston (1551,1 ming kishi, 2017 yilda 1783,8 ming kishi), Tojikiston (1447,8 ming kishi, 2017 yildagiga nisbatan 5,5 barobar ko‘p) va Qirg‘iziston (1356,9 ming kishi, 2017 yildagiga nisbatan 3,6 barobar ko‘p) dan kelgan.

Xorijlik sayyohlarning asosoiy qismi, aniqrog‘i, 89,1 foizi O‘zbekistonga o‘z qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida kelgan. Ularning aksariyati Qozog‘iston (31,8), Qirg‘iziston (29,2) va Tojikiston (27,9) fuqarolaridir.

Dam olish va hordiq chiqarish maqsadida O‘zbekistonga eng ko‘p chet ellik fuqarolar Rossiya (37,6), Qozog‘iston (11,2) va Turkiyadan (6,3) kelgan.

Ma’lumot uchun: dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.

2022 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 2021 yildagiga nisbatan 3,4 million kishiga ko‘p bo‘ldi va o‘sish 2,8 barobardan ham ortiqni tashkil etdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti sezilarli darajada oshdi. 2017 yilda turizm xizmatlari eksporti 546,9 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2,9 barobar oshib, 1610,5 million dollarni tashkil etdi.

2017-2022 yillarda xizmatlar eksportining umumiy hajmida turizm xizmatlari eksportining ulushi 1,8 barobar oshdi. Agar 2017 yilda bu ko‘rsatkich 22,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 40,7 foizga yetdi.

O‘zbekistonning jahon miqyosida turistik jozibadorligini oshirish uchun turizmning etnik va ekologik turizm kabi yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida tematik festivallarni tashkil qilish taklif etilmoqda.