O‘zbekistonlik tadbirkor dunyoning "100 nafar ilhomlantiruvchi ayol" ro‘yxatiga kirdi

BBC 2024 yilgi "Dunyoning 100 nafar ilhomlantiruvchi va ta’sirli ayoli" ro‘yxatini e’lon qildi.

Ushbu nufuzli ro‘yxatda Nadya Murad, Sheron Stoun kabi mashhurlar qatori o‘zbekistonlik tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva ham o‘rin oldi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi Dilorom Yo‘ldosheva ikki yil oldingi baxtsiz hodisa oqibatida ikkala oyog‘ini yo‘qotgan. Ammo bu og‘ir sinov uning irodasini sindirmadi. U faoliyatini tiklab, tikuvchilik biznesini tashkil etdi va bu orqali o‘nlab ayollarni ish bilan ta’minlashga erishdi. Uning tashabbuslari maktab o‘quvchilari va ishchilar uchun maxsus kiyimlar tikish bo‘yicha katta shartnomalarga olib keldi.

BBCning mazkur loyihasi butun dunyo bo‘ylab ayollarning qiyinchiliklarga bardosh berib, jamiyatda o‘zgarishlar qilish yo‘lidagi ulkan hissasini namoyish etib keladi. Dilorom Yo‘ldosheva ham ana shunday kurashchan va ilhomlantiruvchi shaxslardan biri sifatida ro‘yxatdan joy oldi.