O‘zbekistonlik uch nafar hakam korrupsiya sabab futboldan chetlatildi
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan futbol sohasida korrupsion holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Inspeksiya tomonidan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, ya’ni bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan futbol hakamlari aniqlandi.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holatga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari bo‘yicha ma’lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha joriy yilning 17 va 25 noyabr kunlari O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi va tegishli tartibda O‘FA Etika qo‘mitasining 04/2020, 05/2020–sonli qarorlari qabul qilindi.
Ularga ko‘ra:
FIFA, OFK hakami J.Y.Muxtorov O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (to‘qson million) so‘m jarimaga tortildi.
O‘FA bosh hakami T.N.To‘xtasinov O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatildi va 10 000 000 (o‘n million) so‘m jarimaga tortildi;
O‘FA bosh hakami A.S.Nadjafaliyev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga asosan O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi bilan hamkorlik qilganligi va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotganligi, tahsil jarayonida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni ko‘rsatayotganligini inobatga olib, biroq O‘FA intizom kodeksining 5.42. bandiga asosan O‘zPFL musobaqalarini o‘tkazish bilan bog‘liq real faktlarni buzib ko‘rsatishga uringanligi uchun 2020 yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatildi va 70 000 000 (yetmish million) so‘m jarimaga tortildi.
Shu jumladan, qo‘mita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar hamda futbol klublari mas’ullari tegishli jarimalarga tortildi.
Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar bo‘yicha o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.