O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 36 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi joriy yilning boshiga nisbatan 6 foizga yoki 2 mlrd dollarga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning “O‘zbekiston to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi” nashrida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln dollarga o‘sib 22 mlrd dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 11 foizga yoki 1,4 mlrd dollarga o‘sib 13,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Umumiy tashqi qarz o‘suvchan tendensiyaga ega, boisi davlat tashqi qarzi o‘sishi hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlansa, xususiy sektorda esa asosan tijorat banklari va iqtisodiyotning boshqa sektorlari tomonidan yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarzlarning qisman so‘ndirilishi hisobiga o‘sish kuzatildi.
Xususan, 2021 yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln dollarga oshib, jahon bozorida O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalari narxlarining tushishi, shuningdek, yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarz to‘lovlari amalga oshirilishi hamda kurslar o‘zgarishi hisobiga 22 mlrd dollarni tashkil qildi.
Hisobot davri mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 353,4 mln dollar miqdordagi asosiy qarz va 206,5 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.
Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 1,6 mlrd dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 238,8 mln dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini banklar, neft-gaz va energetika hamda boshqa sektor korxonalari amalga oshirmoqda.