O‘zga sayyoraliklar uchun yozuv
1970 yilda Rossiyaning Omsk oblasti Tyukalinsk shahri chekkasida «Lenin» degan yozuv shaklida archa va qarag‘ay ko‘chatlari o‘tqazilgandi. 50 yil ichida ko‘chatlar o‘sib, qalin harflar hosil qildi.
Endilikda qiyalikda hosil bo‘lgan o‘rmon–yozuv atrofga go‘zal manzara kasb etib turibdi. Har bir harfning bo‘yi 60 metr, kengligi esa 12 metr. O‘rmon–harf hatto kosmosdan ko‘rinadi.
"Vaqt kelib yerliklar o‘zga sayyoraliklar bilan aloqaga kirishsa, kelgindilarning sayyoramizda o‘qiydigan birinchi so‘zi «Lenin» bo‘lsa ajabmas", deb yozadi «AiF» haftanomasi (2021 y, 42-son).
***
Printerdan chiqqan 7 metrlik kater
AQShda printerda og‘irligi 2 tonna, uzunligi 7 metr keladigan kater bosib chiqarildi, deb xabar beradi «AiF».
U plastika va sellyulozadan yasalgan. Printerlar aviasanoatda ham foydalanilmoqda. Hozircha ayrim detallar tayyorlanyapti. Biroq AIRBUS kompaniyasi yana ham oldinlab ketdi va poliamiddan butun boshli samolyotni printerdan chiqardi.
To‘g‘ri, u kichik – uzunligi atigi 4 metr. Kelajakda shu usulda printerdan haqiqiy samolyot bosib chiqarish ko‘zlanmoqda.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.