O‘zgalarning aybi bilan javobgarlikka tortilgan sobiq IIB xodimi oqlandi

Oqdaryo tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili bo‘lgan bu yigit jinoyatni yashirganlikda ayblangan. Muhokama qilingan holatda ishtixonlik fuqaro mashinasidan pul va boshqa buyumlar yo‘qolgani to‘g‘risida murojaat qilgan. Murojaati tegishli tartibda ro‘yxatga olinmagani uchun bu haqda yuqori idoralarga arz qilishga majbur bo‘lgan.

Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2021 yil 3 noyabr kuni o‘tkazgan appelyasiya instansiyasida bu holatda tezkor xodim aybli emas, deb topdi. Fuqaroning arizasi yuzasidan ish hujjatlari alohida ish yurituvga ajratilib, viloyat prokurori orqali tegishli tergov organiga yuborilgan. Nega?

Chunki, 2017 yil 2 iyul kungi fuqaroning avtomashinasidan narsalari o‘g‘irlab ketilgani haqidagi arizasini qabul qilish va hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhini chiqarish J.Rasulov (ism, familiyalar shartli) ning xizmat vazifalariga kirmaydi. Biroq u fuqaroning ariza yozmasdan ketganligi holati bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma hamda holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishni so‘rab yozgan bildirgisini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish va tegishli chora ko‘rish uchun topshirishi lozim edi. Ammo u bildirgini o‘zida 3 kun saqlab kelganligi oqibatida IIVning 2016 yil 30 may kunidagi 82-sonli buyrug‘i, 10-bandi (Ichki ishlar organlari xodimlari quyidagilarga majbur: o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish) talablarini buzgan.

Bu holat yuzasidan tezkor xodimga nisbatan viloyat IIBning 2017 yil 30 avgustdagi xizmat tekshiruvi xulosasi va 2017 yil 5 oktyabr kungi shaxsiy tarkib bo‘yicha buyrug‘i bilan “egallab turgan lavozimdan ozod etish” jazosi tayinlangan.

Xizmat tekshiruvi xulosasida, o‘sha paytda Oqdaryo tumani IIB tashkiliy bo‘linma navbatchilik qismi katta inspektor navbatchisi vazifasida ishlagan xodim o‘ziga yuklatilgan vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab, navbatchilik qismiga kelgan fuqaro bilan uchrashib, suhbatlashgan bo‘lsa-da, nima maqsadda tuman IIBga kelganligi holatiga oydinlik kiritmagan va o‘rnatilgan tartibda qayd qilmagan. 

Ya’ni, jabrlangan fuqaroni JQB xodimlariga uchrashishlikni ko‘rsatib qo‘ygan. Buning uchun unga “Xayfsan” intizomiy jazosi berilgan.

Jinoyat protsessual kodeksining 464-moddasiga muvofiq, sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmasa, shuningdek, jinoyat boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlansa hamda sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov ish holatlari batafsil tekshirilgandan keyin ishonarli tarzda o‘z tasdig‘ini topmasa, sud JPKning 83-moddasi 3-bandida nazarda tutilgan asosga ko‘ra, sudlanuvchini oqlashligi ko‘rsatilgan.

Ushbu asosga va sudlanuvchining arizasida qayd etilganlardan kelib chiqib, sud hukmi bilan Oqdaryo tumani IIBning tezkor vakili aybsiz deb topilgan va oqlangan.

Unga reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash masalasida belgilangan tartibda da’vo talabi bilan sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, birinchi instansiya sudi 2 yil ayblanuvchini ichki

ishlar idoralarida hamda mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlagan.